Rossiya Markaziy banki Rossiya va do‘st mamlakatlar fuqarolari uchun chet ellarga pul o‘tkazish bo‘yicha mavjud cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zgarishlar 8-dekabr, dushanba kunidan boshlab kuchga kiradi. Bu hol valyuta bozoridagi qulay vaziyat bilan bog‘liqdir.

“Valyuta bozoridagi barqaror vaziyatni hisobga olgan holda, rossiyaliklar va do‘st mamlakatlarning norezident jismoniy shaxslari uchun chet el valyutasini chetga o‘tkazish bo‘yicha ilgari o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, 2025-yil 8-dekabrdan 2026-yil 7-iyungacha bo‘lgan davrda bir qator cheklovlar amal qilishda davom etadi:

  • Rossiyada ishlovchi do‘stona bo‘lmagan mamlakatlarning norezident jismoniy shaxslari faqat o‘z ish haqi miqdoridagi mablag‘larni chet elga o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi;
  • mamlakatda ishlamaydigan do‘stona bo‘lmagan mamlakatlarning norezident jismoniy shaxslariga, shuningdek, bunday davlatlarning yuridik shaxslariga mablag‘larni chet elga o‘tkazish taqiqlanadi. Bu cheklov Rossiya yuridik va jismoniy shaxslari nazorati ostidagi xorijiy kompaniyalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Markaziy bank tomonidan qayd etilishicha, mazkur taqiqlar Rossiya moliya bozoriga sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlarning pul o‘tkazish amaliyotlariga tatbiq etilmaydi. Bu “In” turdagi hisobvaraqlardan chet eldagi hisobvaraqlarga o‘tkazmalar haqida aytilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, “do‘stona bo‘lmagan davlatlar banklari, agar to‘lovchi va oluvchining hisobvaraqlari xorijiy banklarda ochilgan bo‘lsa, Rossiya kredit tashkilotlarida ochilgan vakillik hisobvaraqlaridan foydalanib, rubl bilan pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin”.

Avvalroq Rossiyada migrantlarning pul o‘tkazmalari miqdorini cheklash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, ularga o‘z mamlakatlariga oylik maoshidan ko‘p miqdorda pul o‘tkazishni taqiqlash taklif etilmoqda.

Rossiya Federal bojxona xizmati O‘zbekiston Rossiyadan noqonuniy pul olib chiqish bo‘yicha kuchli beshlikka kirgani haqida xabar bergandi.

Noqonuniy valyuta olib chiqish bilan bog‘liq yo‘nalishlarga Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Xitoy kabi davlatlar kirdi.

Shuningdek, noqonuniy pul olib kirish ko‘pincha yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlar va Serbiyadan amalga oshirilmoqda.

Bu statistika yuritilgan butun davr mobaynida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davrida 5449 ta shunday holat qayd etilgan bo‘lib, yillik hisobda bu ko‘rsatkich 15,8% ga oshgan.