Rossiya hududida Snapchat messenjerini blokladi. Bu haqda RIA Novosti nashri Roskomnadzor matbuot xizmatiga tayanib yozmoqda.

Nazorat organining ta’kidlashicha, Amerikaning Snapchat ilovasidan terrorchilik harakatlarini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, jinoyatlarni, jumladan, firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlarni yollash uchun platforma sifatida foydalanilgan.

“Umumiy foydalanishdagi aloqa tarmog‘ini markazlashtirilgan holda boshqarish qoidalariga binoan, Roskomnadzor 2025-yil 10-oktabrda xizmatni to‘sish choralarini ko‘rdi,” deya ma’lum qilindi Roskomnadzor xabarida.

Shuningdek, Rossiyada FaceTime’ni bloklash jarayoni boshlandi. 4-dekabr kuni Roskomnadzor Apple kompaniyasining video va audio qo‘ng‘iroqlar xizmatiga nisbatan cheklovlar joriy etilganini tasdiqladi.

Bunga sabab, ushbu xizmat orqali jinoyatlar, jumladan, Rossiya fuqarolariga qarshi noqonuniy harakatlar sodir etilgani bo‘ldi.

13-avgust kuni Roskomnadzor Telegram va WhatsApp orqali qo‘ng‘iroqlarni chekladi. O‘shanda ulardan firibgarlik sxemalari va terrorizmda foydalanish, shuningdek, bunday harakatlarga qarshi kurash bo‘yicha talablarni e’tiborsiz qoldirish ham sabab sifatida ko‘rsatilgan.

29-noyabr kuni regulyator WhatsApp’ni bosqichma-bosqich bloklashni boshlaganini ma’lum qildi. Regulyator o‘z xabarida buni Rossiya qonunchiligining buzilishi bilan izohladi.

Messenjer, RKN ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat hududida terrorchilik harakatlarini tashkil etish va amalga oshirish, ularning ijrochilarini yollash, rossiyaliklarga qarshi firibgarlik va boshqa jinoyatlar uchun ishlatiladi.


Avvalroq Telegram shantaj va tovlamachilik uchun kanallarni bloklashni boshlagani haqida xabar berilgandi.

Messenjer asoschisi Pavel Durovning so‘zlariga ko‘ra, faqat inkor qilib bo‘lmaydigan dalillar mavjudligi sababli kanallar bloklanadi.