Raqobat qo‘mitasi sementning birja savdolariga to‘liq chiqarilishi ustidan monitoringni kuchaytirganini ma‘lum qildi.
Qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, kunlik va oylik kuzatuvlar davomida narxlarning sun‘iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazorat olib borilmoqda.
Qo‘mitaning Surxondaryo viloyati boshqarmasi o‘tkazgan tekshiruvlarda Surxancementinvest korxonasi 2025-yil yanvar-avgust oylarida birja orqali sotilishi shart bo‘lgan yuqori likvidli sement mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilgani aniqlangan.
Qonunchilikka ko‘ra, bunday mahsulotlarni birja savdosiga qo‘ymasdan sotish taqiqlanadi. “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun ning 29-moddasida bu holat raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakat sifatida belgilangan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan hududiy Maxsus komissiya tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va belgilangan tartibda tegishli taʼsir choralari qo‘llanildi.
Buzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “chegirmali” tovarlarning firibgarlik bilan sotilishi haqida ogohlantirgandi.
