AQSH sayohat taqiqiga uchragan mamlakatlar sonini 30 dan oshirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Reuters nashri AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemga tayanib.

Fox News telekanalining “The Ingraham Angle” dasturiga bergan intervyusida Noemdan prezident Donald Tramp ma’muriyati kirish taqiqlangan davlatlar ro‘yxatidagi mamlakatlar sonini 32 tagacha oshirishi yoki oshirmasligini tasdiqlash so‘ralgan.

“Aniq raqamni ayta olmayman, lekin taqiq 30 dan oshiq davlatga qo‘llaniladi. Prezident mamlakatlarni baholashda davom etmoqda”, degan vazir.

Qayd etilishicha, Noem taqiq ro‘yxatiga qaysi mamlakatlar qo‘shilishi haqida aniqlik kiritmagan, biroq sabablarni ochiqlagan.

“Agar u yerda barqaror hukumat bo‘lmasa, o‘zini ta’minlay oladigan va bizga bu odamlar kimligini aytib bera oladigan, ularni tekshirishda yordam bera oladigan davlat bo‘lmasa — nega biz o‘sha mamlakatdan kelayotgan odamlarga Qo‘shma Shtatlarga kirishga ruxsat berishimiz kerak”, — dedi u.

Joriy yil iyunida Donald Tramp 12 mamlakat fuqarolariga AQShga kirishni butunlay taqiqlovchi farmonni imzoladi.

12 ta davlat fuqarolariga nisbatan to‘liq taqiq joriy etildi: Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman. AQShning qonuniy doimiy rezidentlari va amaldagi viza egalari uchun istisnolar nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, mamlakatlar ro‘yxati AQSh Davlat departamenti yanvar oyidan beri o‘tkazib kelgan tahlil asosida tuzilgan.

Turkmaniston, Burundi, Kuba, Laos, Syerra-Leone, Togo va Venesuela fuqarolariga qisman taqiq joriy etildi. Ularga mehmon va talaba vizalari berilmaydi.

Biroq, masalan, ish faoliyati uchun yoki amerikalik qarindoshlar bilan qayta birlashish maqsadidagi vizalar saqlanib qoladi.

Avvalroq AQSH 19 ta davlat fuqarolariga berilgan grin-kartalarni qayta ko‘rib chiqishi haqida xabar berilgandi.

Ro‘yxatdan Afg‘oniston, Turkmaniston, Birma, Chad, Kongo, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman, Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo va Venesuela o‘rin olgan.

Avvalroq Donald Tramp barcha “uchinchi dunyo mamlakatlari"dan AQSHga bo‘ladigan migratsiyani “doimiy to‘xtatib qo‘yish"ga va’da bergandi.

Tramp bu haqda Oq uy yaqinida Milliy gvardiya askarlariga uyushtirilgan qurolli hujumdan so‘ng xabar berdi. Hujumda Afg‘oniston fuqarosi gumonlanmoqda.

Qayd etilishicha, otishmadan so‘ng AQSH hukumati Afg‘oniston fuqarolarining barcha immigratsiya so‘rovlarini ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatgan.

AQSH prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi kengaytirilgan postida migrantlarni keskin tanqid qildi va pauza ko‘plab amerikaliklarning “yutuqlari va turmush darajasini” yo‘qqa chiqargan immigratsiya siyosatidan keyin “Amerika tizimi to‘liq tiklanishiga” imkon berishini aytdi.

U aynan qaysi davlatlarni uchinchi dunyo davlatlari qatoriga kiritayotganiga aniqlik kiritmagandi.