Talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan joriy o‘quv yili uchun beriladigan qishki ta’til joriy yilning 28-dekabridan 2025-yilning 10-yanvariga qadar (shu kuni ham) etib belgilandi.

Bu oliy ta’lim tashkilotlari talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.

Talaba va o‘quvchilarning qishki taʼtil davrida doimiy yashash hududlariga (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga) borib-kelishlarini qulaylashtirish maqsadida Transport vazirligi, O‘zbekiston temir yo‘llari hamda Uzbekistan Airways bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Shunga muvofiq, 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvariga qadar (shu kuni ham) talabalar va o‘quvchilar uchun 50% chegirma asosida yo‘l chiptalari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq maktablarda qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilingandi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qishki ta’til 28-dekabrdan, boshlang‘ich sinflar (1−4-sinflar) uchun esa 27-dekabr, shanba kunidan boshlanadi.

Ta’til 2026-yil 10-yanvargacha (14 kalendar kun) davom etadi. 11-yanvar yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani bois, III chorak darslari 12-yanvardan boshlanadi.