2025−2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til qachon boshlanishi ma’lum qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarida qishki ta’til 28-dekabrdan (boshlang‘ich 1−4-sinflarda 27-dekabr — shanba kunidan) boshlanadi.

Ta’til 2026-yil 10-yanvargacha (14 kalendar kun) davom etadi. 11-yanvar yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani bois, III chorak darslari 12-yanvardan boshlanadi.

Sentabr oyida O‘zbekiston 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tishi haqida xabar berilgandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov prezident mamlakat ta’lim tizimini xalqaro miqyosdagi ta’lim tizimiga integratsiya qilishni topshirganini qayd etdi.

“Hozirda maktabga tayyorlov guruhlarida qamrov qariyb 100% ni tashkil etadi. Ushbu tizimni maktab ta’limiga qo‘shish orqali 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi”, — dedi u.

Bu ta’lim sifatini yaxshilashi bilan birga, xorijiy oliygohlarga o‘qishga kirayotgan yoshlarning tayyorlov kurslarida (Foundation courses) o‘qish majburiyatini bekor qiladi.


Avvalroq Spot uyda o‘qitiladigan o‘quvchilarga dars bergan pedagoglarga yo‘l xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgandi.

Bunda maktabdan o‘quvchining uyigacha bo‘lgan masofa kamida 1,5 km bo‘lishi kerak. Kompensatsiya miqdori — 412 ming so‘m.