O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaraoldi elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshiradi. Bu haqda Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Bir kun avval Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayevni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini, shu jumladan energetika sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, elektr energiyasi barqaror yetkazib berilmoqda va tranzit qilinmoqda, “yashil” energetikada istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Davlat rahbari suv energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaviy ahamiyatga molik qo‘shma loyihalarni, eng avvalo, Qambarota-1 GESini qurish loyihasini samarali ilgari surish muhim ekanini ta’kidladi.

elektr uzatish tarmoqlari, o'zbekiston, qirg'iziston, tojikiston

Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Jahon bankining REMIT dasturi ko‘magida chegara hududlaridagi elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bilan shug‘ullanmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qambarota GES-1 loyihasining amalga oshirilishi sanoat korxonalarini qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlash va oziq-ovqat dasturlarini bajarish imkonini beradi.

Qambarota GES-1 1860 MVt quvvatga ega bo‘ladi, GESni suv bilan ta’minlash uchun 5,4 mlrd kub metr suv omborini yaratish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Qambarota GES-1 qurilishi uchun xalqaro banklar mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlari turk kompaniyasi boshqaruviga topshirilishi haqida xabar berilgandi.

HET Aksa Enerji kompaniyasiga elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi bo‘yicha tenderda g‘olib ekani haqidagi hujjatni topshirdi.