Janubiy Koreyaning KIA Auto kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini avtomobil kuzovlarini bo‘yash ishlariga jalb qiladi, deya xabar bermoqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Vazirlik rahbari Behzod Musayev oktabr oyida Seulga tashrifi chog‘ida avtomobil ishlab chiqaruvchisi rahbariyati bilan bu masalani muhokama qilgan edi. Tomonlar o‘zbekistonliklar uchun KIA standartlari bo‘yicha o‘quv ustaxonalarini ochishga kelishib oldilar.

Ustaxonalar 2026-yildan ish boshlaydi. Kurs ishtirokchilari uch oy davomida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish amaliyoti, xavfsizlik texnikasi, shuningdek, koreys tili (TOPIK 1 darajasida) va madaniyatini o‘rganadilar.

Mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar Janubiy Koreyaga malakali E-7 mutaxassislari vizasi bilan ishlash uchun borishlari mumkin bo‘ladi.

Xorijlik ishchilar 2025-yildan boshlab Koreya zavodlarida avtomobil kuzovlarini bo‘yash bilan shug‘ullanishlari mumkin. Bungacha bu ishga faqat Janubiy Koreya fuqarolari jalb qilingan.

O‘zbekiston Koreya avtomobilsozlik sanoati uchun fuqarolarni rasmiy ravishda yollashda ishtirok etgan birinchi xorijiy mamlakat bo‘ldi, deya ta’kidladi agentlik.

Ushbu loyiha o‘zbekistonliklarga kelajakda mahalliy sanoatda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tajriba orttirish imkonini beruvchi uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Oktabr oyida Behzod Musayev KIA Auto bilan o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyada ishlash uchun o‘qitish rejalarini muhokama qilgan edi.

O‘shanda Koreyaning Kyonsan-bukdo provinsiyasi mintaqaviy dastur doirasida E-7 vizasi bo‘yicha mutaxassislarni yollashga kelishib olgan edi.


Avvalroq Spot Koreya o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishlarga qabul qilishni qayta tiklashi haqida yozgandi.

Mamlakatning uchta tumanidagi ishlar uchun 2021-yildan beri birinchi marta mavsumiy E-8 vizalari beriladi.