Avvalroq prezident davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etiladi.

Jumladan, 2026-yildan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbar va masʼul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar diagnostikadan o‘tkaziladi. Shuningdek:

  • 2026-yil 1-iyundan sohalar nazoratiga masʼul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;
  • 2027-yildan boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “yuqori” va “o‘rta” bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar.

Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Diagnostika natijasiga ko‘ra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi “past” deb baholanishi mazkur lavozimda mehnat munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi. Bunda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past” bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.

Farmonga ko‘ra, davlat organlarida bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallashda yangicha tizim joriy etiladi. 2026-yil 1-martdan davlat fuqarolik xizmatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar vacancy.gov.uz elektron platformasida eʼlon qilinadi.

Fuqarolarga o‘zlariga maʼqul keladigan mutaxassislik, lavozim va ish haqiga oid talablarni belgilagan holda vacancy.gov.uz‘da “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi.

Vacancy.gov.uz‘da ro‘yxatdan o‘tgan va davlat fuqarolik xizmatiga kirish bo‘yicha test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar ushbu platformada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga daʼvogarlik qilishi mumkin bo‘ladi.

Bunda fuqarolarga test sinovlarini shaxsni tasdiqlash va sinovlarni nazorat qilishning maxsus onlayn tizimi orqali yoki Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining maxsus jihozlangan xonalarida topshirish imkoniyati yaratiladi.

Test natijalari 1 yilgacha amal qiladi.

Tanlovning qo‘shimcha bosqichi sifatida o‘tkaziladigan sohaviy bilimlarni baholash bo‘yicha test sinovlari davlat organlarining buyurtmalariga muvofiq agentlik huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan shartnoma asosida o‘tkaziladi.

Farmonga ko‘ra, davlat organlarida kadrlar zaxirasini yuritish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Bunda davlat organlari tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan lavozimlar uchun nomzodlar ro‘yxati mustaqil shakllantiriladi.

Saralashdan o‘tgan nomzodlar tarafidan shaxsiy rivojlanish rejasining bajarilishi zaxira.bsa.uz elektron platformasi orqali monitoring qilinadi.

Salohiyatli kadrlar zaxirasiga nomzodlar mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari orasidan tuman hokimlarining xulosasi asosida ishchi guruh tomonidan saralanadi.

Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va siyosiy lavozim guruhlariga zaxira mustaqil ravishda shakllantiriladi.

Davlat organlarida samarali xizmat qilayotgan, biroq rahbarlari tomonidan tavsiya etilmagan nomzodlarni mustaqil aniqlash hamda baholash orqali ular Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.


Avvalroq deputatlar 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.