Yandex Uzbekistan Allplay striming servisini sotib olmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita Yandex Uzbekistan bilan bir kompaniyalar guruhiga kiruvchi Plus Entertainment Services Holding Ltd tomonidan Allplay platformasiga egalik qiluvchi Allmedia Safe Service va Anyway korxonalari ulushlarini sotib olishga oid arizani ko‘rib chiqdi.

Avgust oyida Allmedia Safe Service video va audio kontentni onlayn uzatish yoki almashish bo‘yicha raqamli platformalar segmentida ustun mavqega ega operator sifatida eʼtirof etilgandi. Bozorda Yandex‘ga tegishli Kinopoisk platformasi ham shu yo‘nalishda faoliyat yuritadi.

Maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tahlillardan so‘ng bitimning bozorga ta‘siri baholandi. Natijada, platformaning tadbirkor va yakuniy foydalanuvchilari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga kelgusida bir tomonlama ta’sir ko‘rsatmaslik va ularni kamsitmaslik maqsadida qo‘mita bitimga shartli ravishda oldindan rozilik berdi.

Qarorga ko‘ra, Allplay platformasi video va audio kontent uzatish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mustaqil bozor ishtirokchisi sifatida faoliyatini davom ettirishi shart.

Kompaniya “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun va hukumat qarori (256-son) bilan belgilangan talablarga to‘liq rioya qilishi, ushbu hujjatlarda taqiqlangan harakatlarni amalga oshirmasligi lozim.

Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov o‘zining Telegram-kanalida Allplay o‘z brendi ostida rivojlanishini ta’kidlab, tez orada platforma yangilanishini e’lon qildi.

“Allplay yagona Yandex Plus obunasining bir qismi bo‘ladi, unda foydalanuvchilar kino va seriallardan tashqari musiqa, kitoblar, sport translyatsiyalari va ekotizim bonuslaridan — keshbek va Yandex Go’da “Taom"ni bepul yetkazib berish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi”, — deb yozdi u.

Shukurovning so‘zlariga ko‘ra, bitim barcha zarur kelishuvlardan, shu jumladan Raqobat qo‘mitasi qaroridan o‘tgan.

Bundan tashqari, Yandex Uzbekistan monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etdi. U taksi agregatorlari (YGO UB) va tayyor taomlarni yetkazib berish (Y EATS) xizmatlari bo‘yicha o‘z faoliyatida raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etish, shaffof va mas’uliyatli biznes yuritishni ta’minlashga qaratilgan.

Avvalroq yil boshidan bukmekerlikni targ‘ib qilgan 70 ga yaqin sayt bloklangani haqida xabar berilgandi.