Apple va Google dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarga yangi kiberxavf ogohlantirishlarini yuborganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Bu kompaniyalar mijozlarni kuzatuv va xakerlik tahdidlaridan himoya qilish bo‘yicha navbatdagi choralarini e’lon qildi.
Apple 2-dekabrda ogohlantirishlar yuborilganini ma’lum qildi, ammo taxmin qilingan xakerlik faolligi, nechta foydalanuvchi nishonga olingani yoki kuzatuvni kim amalga oshirgani haqida ma’lumot bermadi. Kompaniya faqat “hozirgacha 150 dan ortiq mamlakatdagi foydalanuvchilarni xabardor qilgani haqida bildirdi.
Bu bayonot Google’ning 3-dekabrdagi e’lonidan keyin berildi. Google o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilarni Intellexa shpionlik dasturidan ogohlantirgan.
Ushbu zararli dastur Pokiston, Qozog‘iston, Angola, Misr, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va Tojikiston kabi davlatlardagi bir necha yuzlab akkauntlarga ta’sir qilgan.
Google o‘z bayonotida AQSH hukumati tomonidan sanksiya qo‘yilgan Intellexa kiberrazvedka kompaniyasi “cheklovlarni chetlab o‘tib, faoliyatini kengaytirayotganini” ta’kidladi.
Qayd etilishicha, Intellexa bilan aloqador rahbarlar xabarlarga darhol javob bermagan.
Avval ogohlantirish to‘lqinlari ommaviy axborot vositalarida bosh mavzuga aylandi va davlat organlarini, shu jumladan Yevropa Ittifoqini, tergov boshlashga undadi.
Yevropa Ittifoqining yuqori lavozimli amaldorlari avvalroq josuslik dasturiy ta’minoti yordamida hujumlarga uchragan edi.
Avvalroq Spot IIV zararli APK fayllarni aniqlaydigan Telegram-botni ishga tushirgani haqida yozgandi
Bot test rejimining birinchi haftasida 200 dan ortiq virusli APK fayllar messenjerdan zararsizlantirgan.
