Markaziy bank Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida noyabr oyi bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlari infografikasini e’lon qildi.
O‘tgan oyda inflyatsiya biroz tezlashib, yillik 0,7% ga yetdi. Narxlarning o‘sish surʼati 2024-yilning noyabr oyiga nisbatan 0,2% ga kamaydi. O‘tgan 11 oyda yig‘ma inflyatsiya 6,4% ni, yillik inflyatsiya esa 7,5% ni tashkil etdi.
Iste’mol savatidagi umumiy 170 ta oziq-ovqat mahsulotidan 150 tasi (88%i) ning yillik narxi 10% dan kamroqqa oshdi.
Eng ko‘p limon (+65%), paxta moyi (+28%), suyaksiz mol go‘shti (+25,3%), suyakli mol go‘shti (24,2%) hamda kungaboqar moyi (+20,1%) qimmatlashdi.
Shu bilan birga, narxlari eng yuqori shakllangan mahsulotlar qatorida qiyma (+16,9%), mol va qo‘y jigari (+15,9%), turp (+15,8) hamda sabzi (+14,5%) kabilar bor.
Yillik hisobda shaftoli (-23,7%), tarvuz (-23,4%), banan (-19,7%), sarimsoq (-18,6%), guruch (18,3%), baqlajon (-11,5%), anor (-11,1%) va qovun (-9,3%) narxi eng ko‘p pasaydi.
Iste’mol savatidagi 250 ta nooziq-ovqat mahsulotlaridan 98% ining (246 tasi) yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi.
Nikoh uzugi eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar qatorida yetakchilikni saqlab qoldi (+33,4%). Undan keyingi o‘rinlarda metan (+30,2%), gazeta va jurnallar (har biri — +15,3%), tabiiy gullar (+8,9%) hamda benzin (+8,5%) narxi yuqori bo‘ldi.
Propan (-20,8%), yirik oshxona priborlari (-3%), A4 qog‘oz (-1,9%), shprits (-1,5%) konditsioner (-1,4%) hamda kichik ovqat tayyorlash priborlari (-0,7%) narxlari esa arzonlashdi.
Yengil avtomobillarning yillik narxi o‘zgarishsiz qoldi. Ovoz va tasvirlarni aks ettiruvchi uskunalar (+0,1), kompyuter va planshetlar (+0,3%) hamda ichimlik tayyorlash priborlari va chanyutgichlar (har biri +0,5%) biroz oshdi.
Bundan tashqari, 90 turdagi xizmatlardan 64 tasi yoki 71% ida yillik narx o‘sishi 10% dan past ko‘rsatkichni qayd etdi. Eng ko‘p haydovchilik kurslari (+61,9%) qimmatlashgan.
Keyingi o‘rinlarda ichki yo‘lovchi havo transporti (+54,1%), tarmoq gaz (+39,2%), sovuq suv (+35,1%), muzey xizmatlari (+32,7%), chiqindi tashish (+28,6%), suyultirilgan gaz (+25%) va davlat bog‘chalari narxlari yuqori oshdi.
Shu bilan birga, eng yuqori narxlar elektr energiyasi (+18,8%), kuryerlik (+18,3%), shahar avtobusida yo‘l haqi (+17,3%), huquqiy (+17%) hamda ko‘p qavatli uylarga ko‘rsatiladigan xizmatlar (+16,7%) da kuzatildi.
Yil davomida faqat pul o‘tkazmalari haqi (-6,4%) biroz arzonlashdi. Mikromoliya xizmatlari, telefon abonent to‘lovi, mobil internet, davlat OTMlarida o‘qish va sug‘urtalash xizmatlarida narxlar o‘zgarishsiz qoldi. Xususiy ta’lim (+0,2%) va hayvonot bog‘i (+1%) da narxlar biroz qimmatlashdi.
Spot, avvalroq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonga oltin narxi oshishining budjet xarajatlari va valyuta kursiga ta’sirini cheklashni tavsiya qilgani haqida yozgandi.
