Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratishning yangi tizimi haqidagi taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimot avvalida joriy yilda sohaga yo‘naltirilgan moliyaviy resurslar va ularning natijalari to‘g‘risida axborot berildi. Paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan taʼminlash va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga jami 29 trln so‘m ajratildi. Sohaga 2,35 trln so‘m subsidiyalar yo‘naltirildi.

O‘z mablag‘idan paxta yetishtirgan xo‘jaliklarga paxta qiymatining 10% i miqdorida subsidiya ajratilishi natijasida 3430 fermer va klasterlar 151 ming gektar maydonda o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirdi va 1,9 trln so‘m resurs tejaldi.

Yoki paxta yetishtirishga olingan kreditni joriy yil yakuniga qadar to‘liq qaytargan fermerlarga foiz to‘lovining 4 foiz bandini qaytarib berish imkoniyati tufayli 9002 nafar fermer 2,5 trln so‘m imtiyozli kreditlarni muddatidan oldin qaytardi.

Kelgusi yilda paxta va g‘alla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trln so‘m ajratish rejalashtirilgani, qo‘shimcha $200 mln mablag‘ jalb qilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi maʼlum qilindi.

Bu borada joriy qilinishi taklif etilayotgani yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, 2026-yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan, plyonka va egiluvchan quvurlar uchun qo‘shimcha 5 trln so‘m ajratish taklif qilindi.

Hosil yetishtirishda kredit limitining 50% igacha foydalanganda, sotilgan paxta qiymatining 5%i miqdorida subsidiya ajratilsa, o‘z mablag‘i va qisman kredit hisobidan hosil yetishtiradigan fermerlar soni 4−4,5 mingga yetishi va ularning 2,5−3 trln so‘m mablag‘i iqtisod bo‘lishi taʼkidlandi.

Hozirda fermerlarga kredit ajratishda moliyaviy barqaror xo‘jaliklarga ham, to‘lov intizomiga rioya etmayotganlariga ham bir xil foiz stavkasi qo‘llanmoqda.

Shu bois, fermerlar orasida “intizomli bo‘lish — arzon kredit” modelini shakllantirish uchun “A” kredit reytingiga ega xo‘jaliklarga 2% ga, “B” toifadagilarga 1% ga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.

Bundan tashqari, o‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga uning qiymatining 10%i miqdorida subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.

Davlat rahbari fermerlarni rag‘batlantirish, ularda ishonch va iqtisodiy manfaatni kuchaytirish — qishloq xo‘jaligi rivojining asosiy tayanchi hisoblanishini aytdi.


Avvalroq 2030-yilgacha mineral o‘g‘itlar eksporti $1 mrldga yetkazilishi haqida xabar berilgandi.