O‘zbekiston Gonka global sun‘iy intellekt tarmog‘iga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Sherzod Shermatov Libermans Co xoldingi asoschilari Devid va Daniil Libermanlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda IT Park Uzbekistan Kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov, IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarovlar ham ishtirok etdi.
Mehmonlarga milliy hisoblash quvvatlarini kengaytirish, IT-ekotizimni rivojlantirish va xalqaro texnologik kompaniyalar uchun qulay tartibga solish rejimini yaratish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Aka-uka Libermanlar O‘zbekistonning normativ-huquqiy bazasini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha ishlarni yuqori baholab, bu yondashuv global kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirishga zamin yaratishini ta’kidladi.
Shuningdek, ular Enterprise Uzbekistan markazi mamlakatning global raqamli iqtisodiyotga integratsiyasida asosiy platformaga aylanishi mumkinligini qayd etdi.




Hamkorlik uchun mavzulardan biri Qoraqalpog‘istonda data-markazlarni rivojlantirish bo‘ldi. Tomonlar sun‘iy intellekt modellarini o‘qitish va kengaytirish quvvatlariga global talab ortib borayotgan sharoitda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Aka-uka Libermanlar O‘zbekistonning sun’iy intellekt uchun markazlashtirilmagan hisoblash tarmog‘i — Gonka loyihasiga qo‘shilish imkoniyatiga qiziqish bildirdi.
Milliy infratuzilmani Gonka’ning global tarmog‘iga integratsiya qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bunday hamkorlik O‘zbekistonning xalqaro AI ekotizimidagi o‘rnini mustahkamlab, yangi texnologik imkoniyat va bozorlarga yo‘l ochishi mumkinligi aytildi.
Tomonlar, shuningdek, o‘zbekistonlik dasturchilarni global muhandislik ekotizimlariga jalb qilish va ochiq texnologiyalar madaniyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Aka-uka Libermanlar open-source loyihalarda faol ishtirok etish, GitHub’da kod nashr qilish va professional hamjamiyat shakllantirish yosh mutaxassislar uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvda ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, mahalliy olim va muhandislarning SI bo‘yicha nashrlarini ko‘paytirish zarurligi ham aytildi. Shuningdek, 2026-yilda Decentralized AI xalqaro tadbirini o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi.

Aka-uka Libermanlar o‘z Instagram sahifasida uchrashuv tafsilotlari bilan bo‘lishdi. Ular O‘zbekistonning Gonka tarmog‘iga ulanish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligi haqida yozib, markazlashtirilmagan hisoblash tarmog‘i texnologik mustaqillikning uzoq muddatli elementi bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Avvalroq, O‘zbekiston sun’iy intellekt moduliga ega Samarqand-2028 sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgandi.
Libermans Co xoldingiga 2021-yilda texnologik tadbirkorlar va aka-uka Anna Vudford, Devid, Daniil va Mariya Liberman tomonidan asos solingan. Bugungi kunda kompaniya $400 mlnga baholangan. Loyihalar qatorida Product Science (mobil ilovalar samaradorligini oshirish platformasi), Kernel AR (Snapchat tomonidan sotib olingan AR texnologiyasi) va inson kapitaliga sarmoya kiritishga yo‘naltirilgan Humanism bor.




