O‘zbekiston Koreya bilan hamkorlikda gumanoid robotlar ishlab chiqaradi. Bu haqda O‘zeltexsanoat uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes davra suhbatida ishtirok etdi. Unda, shuningdek, O‘zeltexsanoat raisi o‘rinbosari Faridunshox Abdualimov ham qatnashdi.
Muloqotda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsion loyihalarni jadallashtirish, yuqori texnologiyalar va sanoat tarmoqlarida qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yakunda uyushma va Koreyaning Robotis kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.



Shuningdek, kelishuv doirasida robototexnika sanoatini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan texnologik baza, ishlab chiqarish quvvatlari va malakali kadrlar tayyorlash tizimi shakllantiriladi.
Avvalroq O‘zbekiston Gonka global sun‘iy intellekt tarmog‘iga qo‘shilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Robotis Janubiy Koreyaning robototexnika bo‘yicha yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, gumanoid robotlar, ta‘lim va sanoat robotlari hamda Dynamixel aqlli aktuatorlari bilan xalqaro bozorlarda tanilgan. Kompaniya innovatsion robot platformalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirish bo‘yicha tajribaga ega.



