“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, fuqarolarga nisbatan davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi majburiy yoki ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

Sug‘urta hodisalari jumlasiga kasallik munosabati bilan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish hamda ish yoki daromadni yo‘qotish kiradi.

Hodisalar yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslarga va ularning oila aʼzolariga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar amalga oshiriladi.

Jumladan, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish hamda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi. Sug‘urta badali sug‘urtalangan shaxs uchun jamg‘armaga amalga oshiriladigan ajratma yoki to‘lov hisoblanadi.

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni olishga bo‘lgan huquq sug‘urta badallarining to‘lanishiga qarab yuzaga keladi. Sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda va tegishli davrlar uchun tayinlanadi. Qonun 2026-yildan kuchga kiradi.

Sentabr oyi avvalida ushbu qonun senatorlar tomonidan rad qilingandi. Undan keyin, oktabr oyida yuqori palata tomonidan qayta ishlangan qonun loyihasi ma’qullandi.

Prezident kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan o‘tkazgan uchrashuvda davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishini tezlashtirishga chaqirgandi.

Noyabr oyi boshida davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan, O‘zbekistonda 2026-yildan yangi ijtimoiy sug‘urta tizimi joriy etiladi.


Avvalroq deputatlar 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.