Aysulu Piryarova 2002-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tug‘ilgan. U dastlab Nukusdagi 32-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida, keyin esa Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi 1-sonli akademik litseyda tahsil olgan. 2023-yilda Qoraqalpoq davlat universitetining chet tillari filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Aysulu 2024-yilda Janubiy Koreyaning nufuzli GKS grantini qo‘lga kiritib, hozirda Seuldagi Sogang universitetining xalqaro munosabatlar fakultetida 2-kurs magistrant sifatida tahsilini davom ettirmoqda. U Spot’ga GKS grantini qo‘lga kiritish jarayoni, buning uchun zarur hujjatlar hamda grant taqdim etadigan imkoniyatlar, shuningdek, Koreyadagi hayot haqida so‘zlab berdi.
Nega aynan Koreya?
Dastlab Koreyada ta’lim olish va koreys tilini o‘rganishga qiziqmaganman. Butun e’tiborim ingliz tiliga qaratilgan, Amerikaga borib o‘qish niyatim kuchli edi.
Litseyda esa ikkinchi til sifatida nemis tili o‘rgatilardi. Bu tilni o‘rganish jarayonida bir tanlovda g‘olib bo‘lib, bir oy davomida Germaniyada yozgi maktabda tahsil oldim. Shu tajriba Germaniyada o‘qish orzusini uyg‘otdi. Oliygohga kirganimda yapon tilini o‘rganishni boshladim va asta-sekin Germaniya orzusi Yaponiyaga almashdi.
Ammo Amerika, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlarda o‘qish haqidagi rejam COVID-19 pandemiyasi davridagi karantin tufayli butkul o‘zgardi. Uyda qolgan paytlarimda koreys filmlari va musiqalarini tinglash odatga aylandi, natijada koreys tiliga ham qiziqish paydo bo‘ldi. Bo‘sh vaqtimni unumli foydalanib, 9 oy davomida koreys tilini o‘rgandim.
Tilni o‘rganganimdan so‘ng Koreyada ta’lim olishga qat’iy qaror qildim va grant dasturlarini izlay boshladim. Shu jarayonda GKS (Global Korea Scholarship) haqida ma’lumot topdim. Grantga hujjat topshirish uchun IELTS va TOPIK imtihonlariga tayyorlana boshladim. Avval IELTSdan 8 ball oldim. Keyin uch oy davomida mustaqil ravishda TOPIK imtihoniga tayyorlandim va 5-darajani qo‘lga kiritdim.

Foto: Aysulu Piryarovaning Instagram sahifasidan
2023-yilda oliygohni tamomlab, Toshkentda maktab va o‘quv markazida ishladim. Shu davrda GKS uchun zarur qo‘shimcha hujjatlarni tayyorlashga e’tibor qaratdim: konferensiya va tadbirlarda ishtirok etdim, ketish xarajatlari uchun mablag‘ yig‘dim.
2024-yilda Nukusga qaytib, GKS grantini yutgan bir qizdan mentorlik kursi oldim. Taxminan $350 to‘lab, ikki oy davomida hujjatlarni to‘g‘ri tayyorlash bo‘yicha maslahatlar oldim va tajribamni yanada boyitdim.
Grantga hujjat topshirish jarayoni
GKS grantini qo‘lga kiritishning ikki yo‘li mavjud. Birinchisi eng raqobatli hisoblangan Elchixona yo‘nalishi (embassy tack) bo‘lib, bunda nomzod avval Janubiy Koreyaning o‘z mamlakatingizdagi elchixonasiga hujjat topshiradi.
Elchixona birinchi bosqichda nomzodlarni saralab olib, tanlanganlar o‘zlari xohlagan Koreyadagi uchta universitetga tavsiya etiladi.
Men ham hujjatlarimni uch universitetga yuborganman: biri yuqori reytingli, ikkinchisi o‘rtacha darajadagi, uchinchisi esa Seuldan tashqaridagi universitet edi. Grantga hujjat topshirish muddatiga odatda uch hafta yoki bir oy qolganda zarur hujjatlar ro‘yxati va batafsil qo‘llanmalar e’lon qilinadi. Bu ma’lumotlarni Telegram kanallari yoki “Study in Korea” rasmiy veb-sayti orqali topish mumkin. Barcha qo‘llanma va hujjat shakllari ingliz tilida bo‘ladi.
Ikkinchi yo‘l esa universitet yo‘nalishi (univerity track) bo‘lib, bunda nomzod to‘g‘ridan-to‘g‘ri Koreyadagi muayyan universitetni tanlab, hujjatlarni bevosita o‘sha dargohga topshiradi.
Men birinchi grantning Elchixona yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirdim. Birinchi bosqichda hujjatlarimni muvaffaqiyatli yig‘ib topshirdim va undan o‘tdim. Keyingi suhbat bosqichiga esa juda tez chaqirishdi: mart oyida hujjat topshirganimizdan so‘ng, atigi bir hafta ichida suhbat bo‘lib o‘tdi.
Suhbat ingliz yoki koreys tillaridan birida o‘tkazilishi kutilgandi. Men ingliz tilida erkin javob berishga tayyorlanib borgan bo‘lsam-da, savollarning deyarli barchasi koreys tilida berildi. Faqat yakunda ingliz tilidan bitta savol so‘rashdi.
Suhbat uch kishilik guruhda o‘tkazildi: biz bir xonaga kiritildik va savollarga ketma-ket javob berdik. Yonimdagi nomzodlar koreys tilini juda yaxshi bilishardi, savollarga ravon javob berishdi. Men esa kutilmagan koreyscha savollar sabab hayajonlandim va ba’zi javoblarimni unutib qo‘ydim.
Natijada elchixona bosqichidan o‘ta olmadim. Elchixonaga taxminan 40−50 nafar nomzod hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan faqat 10 kishi tanlab olindi. Tanlanmaganlarga ertasi kuni hujjatlarini qaytarib berishdi va endi ular Koreyadagi universitetlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujjat topshirishlari mumkinligi aytildi.
Foto: Aysulu Piryarovaning shaxsiy arxividan
Elchixonadan hujjatlarimni olganimdan so‘ng Nukusga qaytdim. Keyin study plan va motivation letter hujjatlarimni qayta ko‘rib chiqib, o‘zgartirdim. Avval tanlagan uch universitetdan tashqari, hujjat topshirish muddati hali tugamagan Seuldagi Sogang universitetiga ham murojaat qildim.
Bu dargoh Janubiy Koreyaning “Top 10” talik ro‘yxatiga kiradi va Xalqaro munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha yuqori darajada ta’lim berishi bilan mashhur. Eng muhimi, universitetning yuksak nufuzi bor: Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti hamda ko‘plab taniqli siyosatchilar aynan shu yerda tahsil olgan. Motivatsiya xatimda ham bu sabablarni alohida ta’kidlaganman.
Sogang universitetidagi suhbat professor bilan onlayn tarzda o‘tkazilib, 10−15 daqiqa davom etdi. Savollar asosan o‘zingiz haqingizda, nega aynan shu mutaxassislikni tanlaganingiz va nima uchun Koreyada o‘qishni xohlayotganingiz haqida bo‘ldi.
Shuningdek, study plan va tavsiynomada yozilgan fikrlar asosida ham savollar berilishi mumkin. Umuman olganda, intervyuda qat’iy shablon yo‘q — istalgan savol berilishi mumkin. Savollar ingliz va koreys tillarida so‘raldi.
Talab etiladigan hujjatlar
GKS grantiga hujjat topshirishda bir nechta asosiy hujjatlar talab qilinadi. Avvalo, maxsus ariza shakllarini to‘ldirish zarur bo‘lib, unda til bilish darajangiz, akademik baholaringiz (transkript) va shaxsiy ma’lumotlaringiz ko‘rsatiladi.
Shuningdek, motivatsiya xati yoziladi. Bu xatning hajmi va yozilish tartibi bo‘yicha aniq talablar grant qo‘llanmalarida keltirilgan. O‘qish rejasi (study plan) ham muhim hujjatlardan biri bo‘lib, unda Koreyaga kelganingizdan keyingi rejalaringiz, qaysi professorlarning darslarida qatnashmoqchi ekanligingiz va ilmiy maqsadlaringiz batafsil bayon qilinadi.
Tavsiyanoma esa professor yoki ustozingiz tomonidan beriladi. Hozirda faqat bitta tavsiyanoma talab qilinadi va uni universitetdagi o‘qituvchidan yoki ish joyingizdagi rahbaringizdan olishingiz mumkin.
Eshitishimcha, Koreya bilan bog‘liq tashkilotda ishlagan shaxsdan olingan tavsiyanoma yanada kuchli hisoblanadi, ammo bunday imkoniyat bo‘lmasa, professor yoki ustozdan olingan tavsiyanoma afzal sanaladi.
GKS grantini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritgan talaba bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi.
- Aviachipta: Koreyaga borish va dastur tugagandan so‘ng qaytib kelish uchun bir martalik borish-kelish chipta qoplanadi.
- O‘quv to‘lovi: magistratura dasturi uchun o‘quv to‘lovlari to‘liq qoplanadi.
- Oylik stipendiya: magistratura talabalari uchun oylik stipendiya miqdori taxminan $886 ni tashkil etadi.
Avalgi yillarda grant doirasida tibbiy sug‘urta xarajatlari ham qoplangan bo‘lsa, hozirda bu imtiyoz grant tarkibidan chiqarilgan.
Viza olish jarayoni
GKS grantini yutgan talabalar uchun viza olish jarayoni boshqa talabalarga nisbatan ancha oson va arzon. Masalan, men hujjat topshirish uchun to‘lovni yarim narxi — taxminan $70 to‘laganman.
Eng muhim hujjatlar GKS tomonidan yuborilgan grantni yutganlik haqidagi tasdiqlash xati hamda universitetning “ushbu talaba rostdan ham bizda o‘qiydi”, degan qabul xati bo‘ldi. Aynan shu hujjatlar chiqqach, men darhol viza uchun ariza topshirdim. Qabul xatini universitetdan elektron pochta orqali olish mumkin.
Foto: Aysulu Piryarovaning shaxsiy arxividan
Bundan tashqari, pasport nusxasi, oila a’zolari haqidagi ma’lumotlar va oila qurmaganlik haqida tasdiq xati ham talab qilindi. Koreyaga nima maqsadda ketayotganim va o‘qishni tugatib, yurtimga qaytgach nimalarni rejalashtirganim haqida ham alohida xat yozdim.
Vizani olish jarayonida qo‘shimcha ravishda $50−100 to‘lab tibbiy ko‘rikdan o‘tdim.
Qiziq jihati shundaki, viza jarayonida suhbat bo‘lmadi. Shunday qilib, barcha hujjatlar topshirilgach, vizam atigi ikki hafta ichida tayyor bo‘ldi.
Moslashish davri
Koreyaga ilk bor kelgan kunimda manzilimni topishda ancha qiynaldim. Shaharning xaritalarini tushunish oson emas edi. Meni kutib oladigan yoki yordam beradigan tanishlarim Seulda emas, boshqa shaharlarda bo‘lishardi. Birga kelishi kerak bo‘lgan dugonam esa mendan keyin yo‘lga chiqadigan bo‘lib qoldi. Sababi, universitetimizda professorlar bilan tanishuv darslari boshqa talabalarga nisbatan ertaroq boshlanar ekan. Shu bois dugonamdan avvalroq kelishga majbur bo‘ldim.
Koreyaning ob-havosiga moslashish ham oson kechmadi. Ayniqsa, yuqori harorat meni ancha qiynadi. Taomlari ham ko‘pincha juda achchiq bo‘lgani uchun dastlabki kunlarda ovqatga ko‘nikish qiyin bo‘ldi. O‘zimga yoqadigan, tanish taomlarni topish mushkul kechdi. Keyinchalik shaharda o‘zbek oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan do‘konlar va milliy restoranlarni topib, ularga tez-tez borib turdim.
Moliyaviy jihatdan ham kutilmagan qiyinchiliklarga duch keldim. Grant Koreyaga borish va qaytish biletlarini to‘liq qoplab beradi, deb o‘ylagandim. Lekin universitet: “Biletingni o‘zing sotib ol, biz uning pulini Koreyaga yetib kelganingdan keyin, taxminan ikki oydan so‘ng stipendiyangga qo‘shib beramiz”, deb aytdi. Bu men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Shuningdek, yotoqxona masalasida ham vaziyat biroz boshqacharoq bo‘llib chiqdi.
Universitet yotoqxonasida turish uchun talabalar oldindan harakat qilishi va olti oylik to‘lovni birdan to‘lashi kerak ekan. Bu esa taxminan $2 000 bo‘ladi. Shu sababli men universitet yotoqxonasida joylasholmadim. Keyin GKS grantini yutgan talabalar uchun alohida yotoqxona borligini bildim. Afsuski, u Seulda emas, balki poytaxtdan bir yarim soatlik masofada joylashgan boshqa shaharda edi.
Foto: Aysulu Piryarovaning shaxsiy arxividan
Yotoqxona uzoq bo‘lishiga qaramay, oyiga $136 to‘lab turishga majbur bo‘ldim. Darslar har kuni bo‘lgani uchun ertalabki mashg‘ulotlarga ulgurish men uchun juda mushkul bo‘ldi. Stipendiya ham darhol berilmaydi. Uni olish uchun avval bank hisobini ochish lozim. Buning uchun esa chet elliklar uchun majburiy bo‘lgan ID karta kerak.
ID kartasiz hech qanday rasmiy ishni amalga oshirib bo‘lmaydi. Uni olish taxminan bir oy vaqt oladi. Shunday qilib, men avgustda kelgan bo‘lsam, chiptamning pulini faqat noyabrda qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldim.
Koreyada meni hayron qoldirgan narsalar
Koreyada odamlarning tartibli navbatda turishi meni hayratga soldi. Ular avtobusda bo‘ladimi, metroda — har doim bir qator bo‘lib, navbat bilan turishadi. “Shoshildim”, degan gap yo‘q, hamma o‘z navbatini sabr bilan kutadi. Kafelarda yoki boshqa joylarda ham odamlar qancha ko‘p bo‘lishidan qat’i nazar, kutishga tayyor.
Ovqatlanish joylarida ko‘pincha self-service ya’ni o‘ziga xizmat qilish tizimi mavjud. Har kim ovqatini o‘zi olib, tamaddi qilib bo‘lgach idishlarni maxsus joyga topshiradi. Biz birinchi marta borganimizda kimdir kelib xizmat ko‘rsatishini kutib o‘tirganmiz. Shuningdek, chiqindilarni alohida turlarga ajratib tashlash tartibi ham diqqatga sazovor.
Jamoat transportida odamlar juda jim bo‘lishadi. Hech kim baland ovozda gaplashmaydi, shovqin qilmaydi. Ko‘pchilik telefoniga qarab band bo‘ladi yoki kitob o‘qib ketadi. Yana bir qiziq jihat — homilador ayollar va yoshi katta odamlar uchun maxsus o‘rindiqlar ajratilgan. Bu joylarga boshqalar o‘tirmaydi, hatto boshqa bo‘sh joy bo‘lmasa ham.
Avtobuslarning tezligi ham meni hayron qoldirdi. Ular juda tez haydashadi. Bir marta tikka turganimda tezlik sababli yiqilib tushib, noqulay ahvolga tushganman.
Kutubxonalarda odamlar nihoyatda ko‘p bo‘ladi. Kitob do‘konlari ham deyarli har qadamda uchraydi va juda katta. Bu do‘konlar ham kitobxonlar bilan gavjum. Odamlardagi kitobxonlik madaniyati jamoat transportida ham seziladi: metro va avtobuslarda ko‘pchilik telefonga emas, balki kitob o‘qishga beriladi. Shuningdek, bog‘lar va parklarda ham kitob o‘qish uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Universitetdagi hayotim
Universitetimizda kutubxonalar soni juda ko‘p. Talabalar istagan paytda bemalol kitob olib foydalanishlari mumkin. O‘quv binolarida ramyon kabi yengil ovqatlar tayyorlash uchun maxsus sharoitlar ham yaratilgan.
Universitet unchalik katta emas, lekin daraxtlar ko‘pligi sababli hudud juda chiroyli ko‘rinadi. Zinalar deyarli yo‘qligi uchun esa qaysi binoga borishni adashib qolish mumkin. Men ham dastlabki kunlarda bir necha marta yo‘limni topa olmay qolganman.
Foto: Aysulu Piryarovaning shaxsiy arxividan
Yaxshiyamki, binolarning har bir eshigi oldida va ichkarisida yo‘nalishni ko‘rsatuvchi belgilarga — xaritalar va ko‘rsatmalarga duch kelish mumkin. Shu sababli yangi keladigan talabalarga avvalroq kelib, universitet hududi bilan yaxshilab tanishib chiqishni maslahat beraman.
Universitetda bizga “Student council”, deb nomlangan joydan qanday kirish va universitet hududida nimalar joylashgani haqida tushuntirishgan.
Talabalar uchun ko‘ngilochar imkoniyatlar ham mavjud: ba’zan ularga proyektor orqali kinolar namoyish etiladi. Har bir semestr boshida esa $68 miqdorida “Student Shiy” (Talaba Haqi) to‘lovi amalga oshiriladi. Bu mablag‘ turli tadbirlarni tashkil etishga sarflanadi.
Fakultetimizda chet eldan kelgan talabalar ko‘p, koreyslar esa deyarli yo‘q. Talabalarning aksariyati Yevropa davlatlaridan — Germaniya, Italiya, Fransiya kabi mamlakatlardan, shuningdek, Vetnamdan kelgan. Ularning Koreyaga qiziqish sabablari turlicha:
- Koreya madaniyati va tarixiga qiziqish;
- k-pop va koreys doramalariga mehr;
- ilmiy ishlarini Koreyaga bog‘lab, uni davom ettirish istagi.
Afsuski, hozirda universitetimizda o‘zbekistonlik talabalarni uchratmadim. Birinchi kursda bir nafar o‘zbek talaba bo‘lgan, ammo u o‘qishni bitirib ketgan.
Dars jarayonlarining tashkil etilishi
Bizning universitetda guruh bo‘lib o‘qish tizimi mavjud emas. Har bir darsda turli xil talabalar bilan birga qatnashasiz. Darslar asosan ingliz tilida olib boriladi, koreys tilida emas. Birinchi kursda bizga taqdim etilgan qo‘llanmada magistrlik dissertatsiyasi yozish majburiy emasligi ko‘rsatilgan. Talabalar o‘qishni bitirish uchun ikki yo‘ldan birini tanlashlari mumkin:
- Ilmiy izlanish yo‘li — diplom ishi yozish va 39 kredit to‘plash.
- Faqat darslarni yakunlash yo‘li — diplom ishi yozmasdan jami 45 kredit to‘plash.
Men ikkinchi yo‘lni tanlaganim sababli, o‘qishni muvaffaqiyatli tugatish uchun 45 kredit to‘plashim kerak.
Fakultetimizda atigi ikkita majburiy fan bor: iqtisod va xalqaro munosabatlarga kirish. Qolgan fanlar esa bevosita xalqaro munosabatlarga oid.

Foto: Aysulu Piryarovaning shaxsiy arxividan
GKS granti bizning ta’limimizni faqat ikki yil davomida moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Agar shu muddat ichida o‘qishni tugatishga ulgurmasak, qolgan barcha xarajatlarni o‘zimiz to‘lashimizga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, barchamiz o‘qishni o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli yakunlashga intilamiz.
Darslarimiz tili ingliz tilida bo‘ladi. Shuning uchun men asosan ingliz tilida gaplashaman, koreys tili esa faqat kundalik hayotda (ko‘chada yoki ovqatlanish joylariga borganimda) kerak bo‘ladi. Talabalar soni esa odatda o‘rtacha 25 kishini tashkil etadi. Majburiy fanlarda esa bu raqam ba’zida 40 nafargacha yetadi.
Koreya universitetlarida o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida muloqot juda erkin. Meni eng hayratga solgan jihat — talabalar o‘qituvchidan ruxsat so‘ramasdan darsdan chiqib ketaverishadi. Ular xohlagan vaqtida chiqib ketsalar ham hech kim bunga e’tiroz bildirmaydi. O‘qituvchi ham “qayerga ketyapsan?”, deb so‘ramaydi. Ya’ni bu yerda darsni bo‘lish yoki xalaqit berish, degan tushuncha mavjud emas.
Imtixonlar haqida
Universitetimizda imtihonlar turlicha shaklda o‘tkaziladi:
1.Esse yozishga asoslangan imtihonlar. Ba’zi darslarda imtihon qoidalari juda sodda bo‘ladi: atigi bir yoki ikkita savol beriladi. Talabadan esa ushbu savollar yuzasidan keng qamrovli, tahliliy esse yozish talab etiladi. Bu uslub asosan o‘quv materialini qanchalik chuqur tushunganingizni aniqlashga qaratilgan.
2. Tanlash imkoniyati beriladigan imtihonlar. Boshqa darslarda esa imtihon savollari ko‘proq bo‘ladi — masalan, 10 dan 15 tagacha. O‘qituvchi oldindan aytib qo‘yadi: talabalar umumiy savollar ichidan o‘zlari xohlagan 10 tasiga javob berishlari kifoya. Bu uslub talabalarga qaysi mavzuni yaxshiroq o‘zlashtirganini ko‘rsatish imkonini beradi.
Eng qiziq jihati shundaki, imtihon uchun beriladigan qog‘ozlar odatdagidek A4 formatida emas, balki A3 formatida bo‘ladi. Talabalar o‘z esselari yoki tanlagan savollarining javoblarini shu katta qog‘ozga to‘liq yozib chiqishlari kerak. Bu esa yozma ishlarning hajmi va chuqurligi yuqori bo‘lishini anglatadi.
Talabalarga yaratilgan imkoniyatlar
Chet eldan kelgan talabalar uchun alohida qo‘shimcha imtiyozlar ko‘zda tutilmagan. Biroq bepul koreys tili kurslari mavjud — o‘zim ham ularga qatnashib ko‘rganman. Shuningdek, universitetdagi ayrim kurslar uchun ma’lum chegirmalar beriladi.
Ayniqsa til kurslariga yozilgan talabalar uchun turli sayohatlar tashkil etiladi — ular boshqa shaharlarga va muzeylarga olib boriladi. Bu esa nafaqat tilni o‘rganishga, balki Koreya madaniyati bilan yaqindan tanishishga ham yordam beradi.
Bundan tashqari, Koreyada talabalarga part-time ishlash uchun ruxsat berilgan. Ko‘pchilik o‘qishdan bo‘sh vaqtida, asosan hafta oxirlarida ishlaydi. Ishlar odatda yengil bo‘lib, oziq-ovqat do‘konlari yoki shunga o‘xshash joylarda amalga oshiriladi:
- Ish haqi: soatiga taxmina $7.
- Ish vaqti: haftasiga 20 soatgacha.
Bu imkoniyat talabalarga nafaqat moliyaviy yordam, balki mahalliy hayot tarzini yaxshiroq tushunishga ham sharoit yaratadi.
Seulda yashash xarajatlari
Hozir alohida kvartirada ijarada turaman. Koreyada kvartira narxlari uning markazga qanchalik yaqin joylashganiga bog‘liq. Manzil qanchalik markaziy bo‘lsa, ijara narxi shunchalik yuqori bo‘ladi. Masalan, men oyiga $340 to‘layman. Qulaylik uchun kvartirani alohida, faqat o‘zim uchun olganman.
Seulda yashash boshqa shaharlarga nisbatan ancha qimmat. Ayniqsa, kvartira ijarasidan tashqari, Koreyada depozit deb ataladigan katta miqdorda pul talab qilinadi. Bu pulni kvartiraga ko‘chib kirayotganda to‘laysiz va uy egasi siz ko‘chib ketayotganingizda qaytarib beradi.
Seulda depozit narxi markazga yaqin joylarda kamida $7 000 boshlanib, markazga qarab undan oshishi ham mumkin. Seulni sal chetrog‘ida esa $682 bo‘lishi mumkin va bular bir xonali uylarga nisbatan. Bu esa moliyaviy yordam talab qiladi.
Jamoat transporti juda qulay va narxlari standart. Metro va avtobusda bir martalik qatnov narxi taxminan $1 ni tashkil etadi. Bu kunlik harakatlanish uchun qulay hisoblanadi. Taksilar esa ancha qimmat: qisqa masofaga ham narx tezda oshib ketadi. Budjetni tejashni istasangiz, avtobus va metro eng yaxshi tanlov.

Foto: Aysulu Piryarovaning shaxsiy arxividan
Kommunal xizmatlar ko‘pincha kvartira ijara puliga kiritilgan bo‘ladi. Ammo ayrim hollarda alohida to‘lanadi va bu odatda $48−54 atrofida chiqadi.
Ovqatlanish xarajatlariga kelsak, uyda ovqat tayyorlash ancha arzon. Agar doim tashqaridan sotib olsangiz, bu qimmatga tushadi. Masalan, bir haftalik oziq-ovqat mahsulotlariga taxminan $28−30 sarflashingiz mumkin.
Koreya ta’lim tizimining afzalliklari va qiyinchiliklari
Koreya ta’lim tizimining o‘ziga xos afzalliklari va qiyinchiliklari mavjud. Talabalar dars jadvalini tanlashda erkinlikka ega bo‘lib, o‘z qiziqishlari va tartiblariga qarab darslar hamda mavzularni mustaqil tanlashlari mumkin.
Davomat jarayoni ham soddalashtirilgan: darsga kelishni faqat joyni band qilish orqali qayd etish mumkin, bunda baland ovozda chaqirish shart emas. Birinchi darsda o‘tiradigan joyni belgilovchi qog‘ozni o‘qituvchi yordamchisiga topshirish kifoya.
Shuningdek, talabalarga semestr davomida uch martagacha darsdan qolishga ruxsat beriladi, bu esa favqulodda vaziyatlarda yengillik yaratadi. Seminar mashg‘ulotlarida esa talaba gapirishga majbur emas, faqat o‘zi istasa fikr bildirishi mumkin.
Foto: Aysulu Piryarovaning shaxsiy arxividan
Biroq, bu tizimda ayrim qiyinchiliklar ham bor. Har bir talaba semestr davomida kamida bir marta mavzu tanlab, prezentatsiya qilishga majbur bo‘ladi. Bu ularning notiqlik va tadqiqot ko‘nikmalarini rivojlantiradi, lekin ba’zilar uchun qiyin bo‘lishi mumkin.
Agar talaba darsga 15 daqiqa yoki undan ko‘proq kechiksa, darsga kiritilmaydi. Davomatda kechikishlarga nisbatan qattiq talab qo‘yilgan. Darslar esa ancha uzoq davom etadi — jami 2 soat 45 daqiqa. Biroq talabalar uchun qulaylik sifatida har 60 daqiqadan so‘ng 15 daqiqalik tanaffus beriladi.
Maslahat. Agar ingliz tilingiz yaxshi bo‘lsa, o‘qishda deyarli qiynalmaysiz. Ammo koreys tilidagi guruhda o‘qishni rejalashtirsangiz, kelishdan oldin koreys tilini puxta o‘rganib kelishingiz zarur. Chunki koreys talabalar bilan birga o‘qish ancha murakkab bo‘lishi mumkinligini eshitganman.
Shuningdek, moliyaviy ahvolingizni oldindan yaxshilab tayyorlab oling. Hatto GKS grantiga topshirmoqchi bo‘lsangiz ham, dastlabki xarajatlar uchun ko‘p mablag‘ talab qilinadi.
Koreyaga kelishdan avval barcha kerakli ma’lumotlarni internet orqali yaxshilab o‘rganib chiqqaningiz ma’qul. Men ham o‘zim avval puxta tayyorgarlik ko‘rganman va bu jarayon keyinchalik qiynalmasligimga yordam bergan.





