Avvalroq prezident paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratishning yangi tizimi bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbarining farmoni bilan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etilgandi. Yig‘ilishda agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosi qanday tashkil etilishi ko‘rib chiqildi.

Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligida 52 turdagi subsidiya ajratilmoqda. Yangi tizimda ushbu jarayon tubdan soddalashtiriladi va inson omili qisqartirilib, byurokratiya kamaytiriladi.

Arizalarni ko‘rib chiqish to‘liq raqamlashtiriladi va barcha jarayonlar Agroportal orqali amalga oshiriladi. Buning uchun Agrosubsidiya axborot tizimiga 10 dan ortiq vazirlik va idoralarning axborot tizimlari integratsiya qilinadi.

Jumladan, 2026-yil uchun mo‘ljallangan 1,3 trln so‘mlik subsidiyalar talabgorlar ishtiroki zarur bo‘lmagan holda davlat idoralari tomonidan proaktiv tarzda beriladi.

Qolgan subsidiyalar esa ayrim kelishish, xulosa olish va hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichlarini chiqarib tashlagan holda soddalashtirilgan tartibda, ortiqcha ovoragarchiliksiz beriladi. Natijada subsidiya ajratish muddatlari keskin qisqaradi.

Davlat rahbari moliyalashtirish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish, subsidiyalarning manzilliligi va tezkorligini taʼminlash, barcha jarayonlarni raqamlashtirish va fermerlar uchun qulay sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Avvalroq prezident farmoni bilan Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi belgilangandi.