Pediatrics jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, 12 yoshida smartfonlarga ega bo‘lgan bolalarda uyqusizlik, semirish va depressiya xavfi yuqori bo‘ladi.
“Hozirgi zamon bolalari juda erta yoshdan boshlab smartfon ekranida vaqt o‘tkazishni boshlaydilar. Bu holat ularning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Yangi tadqiqot doirasida AQSHlik olimlar jamoasi smartfon sotib olish yoshi va erta o‘smirlik davrida depressiya, semizlik, uyqusizlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Jami 21 ta ilmiy ishdan 10 588 nafar ishtirokchining ma’lumotlari tahlil qilindi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 12 yoshli o‘smirlar orasida smartfonlardan foydalanayotganlarning depressiyaga chalinish xavfi bu qurilmadan foydalanmayotgan tengdoshlariga nisbatan 30% ga, semirish ehtimoli 40% ga va uyqu yetishmasligi 60% ga yuqori ekanligi aniqlangan.
Bundan tashqari, bola qanchalik erta yoshda smartfon olgan bo‘lsa, muammolar rivojlanish xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi. Bu xavf, qurilmani keyinroq olgan yoki umuman olmagan bolalarga nisbatan, 4 yoshdan boshlab har bir erta yosh uchun taxminan 10% ga oshib boradi.
Olimlar smartfondan foydalanish “muammoli” deb hisoblanmagan paytda ham o‘smirlarning sog‘lig‘iga ta’sir qilganini payqashdi. Bolada smartfon qanchalik erta paydo bo‘lsa, 12 yoshga kelib semizlik va uyqusizlikni aniqlash ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.
Tadqiqotning yetakchi muallifi, Filadelfiya bolalar shifoxonasining bolalar va o‘smirlar psixiatri doktor Ran Barzilay ABC News’ga aytishicha, ko‘plab mutaxassislar ota-onalarga farzandlarining ilk smartfonini olish yoshini kechroqqa qoldirishni tavsiya etmoqda.
Avvalroq Yevroparlament deputatlarining ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun yosh cheklovlarini joriy etish taklifini o‘z ichiga olgan qarorni qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar berilgandi.
Bu qadam voyaga yetmaganlar orasida ko‘payib borayotgan ruhiy kasalliklar bilan kurashishga qaratilgan.
Tashabbus 13 yoshdan kichik bolalar uchun sun’iy intellekt hamrohlaridan va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlashni nazarda tutadi. 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar esa platformalarga faqat ota-onalarining roziligi bilan kira oladilar.
Bundan tashqari, deputatlar yagona Yevropa raqamli shaxsiy guvohnomasi va yoshni tekshirish ilovasini yaratishni qo‘llab-quvvatladilar, deb ta’kidlanadi Yevroparlament bayonotida.
Shu bilan birga, Reuters qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi hukumati bunday taqiqni joriy etish vakolatiga ega emas. Yosh cheklovlarini o‘rnatish alohida mamlakatlar ixtiyorida bo‘lib, ular buni milliy darajada joriy etishlari mumkin.
Noyabr oyi boshida Daniya hukumati 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash rejasini e’lon qildi.
Faqat 13 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun istisno ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda ota-onalarning yozma roziligi talab etiladi.
Iyun oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash niyatini bildirdi.
“Men 15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tarafdoriman. Buni amalga oshirish imkoniyatimiz bor. Chunki barcha bu platformalar yuz tanish yoki identifikatorlar yordamida yoshni tekshira oladi”, — dedi u.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyada allaqachon ma’lumotlar bazasi mavjud bo‘lib, unda har bir o‘quvchining shaxsiy raqami bor va bu orqali ham kishining yoshini tasdiqlash mumkin
