Telegram messenjeriga integratsiya qilingan Wallet kripto-hamyonlari O‘zbekistonda rasman ish boshladi. Bu haqda Spot’ga servis matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foydalanuvchilar ilova interfeysida Wallet funksiyalaridan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xizmatda mahalliy to‘lov tizimlaridan foydalangan holda Bitcoin, Toncoin, USDT va boshqa 200 dan ortiq mashhur kriptovalyutalarni sotib olish va sotish mumkin.

Mahalliy bozorda xizmat ko‘rsatish uchun texnologik bazani Asterium kriptoekotizimi taqdim etadi. Platforma Humo, Visa va Mastercard tizimlarining bank kartalari orqali kripto-aktivlarni vositachilarsiz xavfsiz sotish, saqlash, o‘tkazish va sarflash imkonini beradi.

“O‘zbekiston bugungi kunda dunyodagi eng dinamik fintex bozorlaridan biridir. Telegram ko‘lami, tartibga solishning aniqligi va mobil internetning yuqori darajada kirib borishi O‘zbekistonni rivojlanayotgan bozorlar qanday qilib qulay va texnologik moliyaviy xizmatlarga tez o‘ta olishini ko‘rsatadigan yorqin misolga aylantiradi”, — dedi Wallet The Open Platform asoschisi va bosh direktori Andrey Rogozov.

Kompaniyada ta’kidlanishicha, Wallet xizmati Istiqbolli loyihalar milliy agentligining litsenziyasiga ega. Platforma foydalanuvchilar va hamkorlar uchun xavfsiz, shaffof muhit yaratish maqsadida foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish va ma’lumotlarni himoya qilishni ta’minlaydi.

Wallet The Open Network (TON) platformasi asosida ishlaydi, u 2020-yilda Amerika regulyatorlari talabiga binoan yig‘ilgan Telegram Open Network loyihasining ishlanmalaridan yaratilgan. 2023-yil sentabr oyida TON va Telegram hamkorlik shartnomasini e’lon qildi.

2024-yil oktabr oyida Wallet saytida platformaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi uchun direktor qidirilayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Uning vazifalari qatoriga mahalliy davlat hokimiyati organlari va regulyatorlar bilan hamkorlik qilish ham kirishi ta’kidlangandi.

ILMA joriy yilning iyul oyida TGHamyon kompaniyasi uchun kripto depozitariy litsenziyasini rasmiylashtirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning yagona ta’sischisi Wallet xizmatidagi boshqa kriptoprovayderlarni boshqaruvchi Wallet Global Ventures Ltd xolding tuzilmasi hisoblanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yildan steyblkoinlarni tartibga soluvchi maxsus rejim joriy etilishi haqida xabar berilgandi.