Yevrokomissiya jarima solgach, X platformasi uning reklama joylashtirish imkoniyatini blokladi va komissiya hisobini o‘chirib tashladi. Bu haqda 8-dekabrda X mahsulotlari direktori Nikita Bir xabar berdi.

Yevropa Ittifoqi 5-dekabrda X’ni 120 mln yevro (qariyb $140 mln) jarimaga tortdi. Qaror Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (DSA) buzilgani bilan izohlandi.

Xususan, ijtimoiy tarmoq tasdiqlangan profillar uchun chalg‘ituvchi ko‘k belgi dizaynidan foydalangan, kampaniyalar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan reklama omborini tegishli tarzda yuritmagani, shuningdek, tadqiqotchilar kontent tahlili uchun foydalangan vositalarga kirishni cheklagani aniqlandi.

Yevrokomissiya jarima haqidagi xabarni X’da ham e’lon qildi. Post izohlarida ijtimoiy tarmoq egasi va rahbari Ilon Mask bu qarorni “safsata” deb atadi.

Shundan so‘ng, X kompaniyasining mahsulot bo‘yicha direktori Nikita Bir kompaniya Yevrokomissiyaning reklama hisobini bloklashga qaror qilganini ma’lum qildi. U buni idora tomonidan “suiiste'mol” deb izohladi.

Birning aytishicha, Yevrokomissiya faol bo‘lmagan reklama hisobidan foydalangan, shuningdek, qamrovni kengaytirish maqsadida “foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi” havolani joylashtirish uchun “reklama muharriri zaifligidan foydalangan”.

U aynan qaysi nashr haqida gap ketayotganini aniqlashtirmadi. Yevrokomissiya TeshSrunch’ga barcha ijtimoiy tarmoqlardan “halol yo‘l bilan” foydalanayotganini ma’lum qildi.

Donald Tramp Yevropa komissiyasi tomonidan X platformasiga qo‘yilgan jarimani tanqid qilib, Yevropaning “juda yomon yo‘nalishda borayotgani"ni ta’kidladi. U bu gaplarni Oq uyda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan uchrashuvda aytdi.

Tramp jarima tayinlanishini noxush hodisa deb atadi va “Yevropa juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak,” deb qo‘shimcha qildi. AQSH prezidenti Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tutayotgan siyosiy yo‘nalishdan tashvishga tushganini bildirdi.

“Biz Yevropani Yevropa bo‘lib qolishini xohlaymiz. Yevropa yomon yo‘ldan ketmoqda. Bu juda yomon, odamlar uchun juda zararli. Biz Yevropa bunchalik o‘zgarib ketishini istamaymiz,” dedi Tramp.


Avvalroq Ilon Mask X’da foydalanuvchi nomlarini sotishni boshlagani haqida xabar berilgandi.

Ijtimoiy tarmoq (sobiq Twitter) Premium+ tarifi obunachilari uchun taxalluslar marketpleysiga kirish imkoniyatini ochdi.