Avvalroq prezident Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari ilm va izlanish bo‘lmagan sohada rivojlanish ham, yuksalish ham, taraqqiyot ham bo‘lmasligini aytdi.

Bugun agrar sohada 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya, ularda juda katta salohiyatga ega yuzlab olim va ilmiy xodimlar faoliyat yuritmoqda. Mazkur salohiyatdan to‘liq foydalanish uchun “ilm-fan — ta‘lim — ishlab chiqarish” integratsiyasini ta‘minlaydigan Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etilishi e‘lon qilindi. Ushbu akademiya qishloq xo‘jaligidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga mas‘ul bo‘ladi.

O‘tgan yilda 4 ta institut negizida Qishloq xo‘jaligi kadrlarining malakasini oshirish instituti tashkil etilgan edi. Ushbu institutda yiliga 8 mingdan ortiq soha vakillari, xususan, fermer, dehqon va klasterlar xodimlari zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanishga o‘qitiladi.

Mutasaddilarga Gollandiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Xitoydan malakali agronomlarni olib kelib, dehqon va fermerlarni yangiliklarga doimiy o‘qitib boradigan tizim qilish topshirildi.

Bundan tashqari, paxta-g‘alla yo‘nalishidagi eng ilg‘or 200 nafar fermer, meva-sabzavot yo‘nalishidagi eng mirishkor 200 nafar bog‘bon va dehqon, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi eng faol 100 nafar eksportchi Xitoy, Turkiya, Gollandiya, Fransiya kabi davlatlarga yuborilib, o‘qitiladi. Ushbu 500 nafar fermer, bog‘bon va eksportchilarning yo‘lkira va mehmonxona xarajati to‘liq qoplab beriladi.

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Prezident ularning qo‘shimcha takliflari va fikrlarini tingladi.

“O‘zining mashaqqatli mehnati bilan rizq-ro‘z yaratayotgan insonlar bilan suhbatlashish, ularning taklif va fikrlarini eshitish menga hamisha alohida huzur bag‘ishlaydi. Bejiz “Yerni yaxshi ko‘rgan — Vatanni yaxshi ko‘radi”, deyishmaydi. Zero, umrini, mehnatini saxovatli zaminimiz bilan bog‘lagan siz kabi fidoyilar — haqiqiy vatanparvardir.

Fursatdan foydalanib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi halol mehnatingiz, erishgan yuksak natijalaringiz uchun butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman", — dedi davlat rahbari uchrashuv yakunida.


Avvalroq O‘zbekiston 2026-yilda Xitoydan 50 dan ortiq agrodron olishi aytilgandi.