Avvalroq prezident Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligida dron xizmatlarini ko‘rsatuvchi alohida markaz ishga tushirilgani bu sohada mutaxassis tayyorlash va dronlarga servis xizmatini ko‘rsatish imkonini bergani aytildi.

Shu yilning o‘zida 100 dan ortiq dron yordamida yer maydonlari va ekinlar monitoringi, ilg‘or agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Keyingi yil Xitoydan yana 50 dan ortiq agrodron olib kelinadi. Har bir viloyatda kamida 2 tadan dron mobil kompleksi orqali agroxizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Agrar sohada dronlar uchun belgilangan uchish og‘irligi hozirgi 100 kilodan 250 kilogacha oshiriladi.

“O‘z faoliyatiga raqamli texnologiya va sun‘iy intellektni olib kirib, kam xarajat bilan yuqori hosildorlikka erishayotgan fermer va klasterlarimiz soni ham ko‘payib borayotgani meni xursand qiladi”, — dedi davlat rahbari.

Mamlakatda ekin maydonlaridan o‘tgan 70 ming kilometr uzunlikdagi ochiq drenaj va kollektorlar bor. Agar ular bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazilsa, ekin ekish uchun qo‘shimcha maydon ochiladi, zovurlarni tozalash xarajatlari karrasiga tejaladi.

Bu masala, ayniqsa, yer tanqis bo‘lgan vodiy viloyatlari uchun juda dolzarb. Shu bois, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, bu maqsadlar uchun $100 mln ajratilishi belgilandi.

Viloyat hokimlari tajribali tadbirkorlar bilan kelasi yilning o‘zida kamida 10 ming kilometr drenajni yopiq tizimga o‘tkazib, 20 ming gektar qo‘shimcha ekin maydoni ochish uchun mas‘ul bo‘ladi.

Joriy yilning avgustida qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish uchun ariza topshirish mumkin bo‘lishi belgilangandi.


Avvalroq yosh agronomlar ish haqi $2000 lik 167 ta tumandagi kafolatlangan ishlarga yuborilishi aytilgandi.