Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rasman kuchga kirdi.

Qayd etilishicha, bu bolalarni telefonga qaramlik va internetdagi zararlardan himoya qilish bo‘yicha dunyodagi birinchi chora bo‘ldi.

Bundan buyon ijtimoiy tarmoqlar 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarda profil yaratishining oldini olish uchun choralar ko‘rmaganligi aniqlansa, $50 mlngacha jarima to‘lashga majbur bo‘ladi.

Bosh vazir Entoni Albaneze videomurojaatida bolalarni maktab ta’tilini mazmunli o‘tkazishga, uni telefon qarshisida vaqt o‘tkazib yubormaslikka chaqirdi.

“Yangi sport turi bilan shug‘ullanishni boshlang, yangi musiqa asbobini o‘rganing yoki javoningizda uzoq vaqtdan beri chang bosib yotgan kitobni qayta o‘qib chiqing”, — dedi u.

Qonun rasman 2025-yil 10-dekabrdan kuchga kirishni boshladi. Bu chora 20 mlndan ortiq kishiga ta’sir ko‘rsatdi.

Hozirgi vaqtda qonun faqat o‘nta platformaga tatbiq etilmoqda: Facebook, Instagram, TikTok, Snapchat, X, YouTube, Reddit, Twitch, Kick va Threads. Hokimiyat organlari GitHub ham taqiqlanishi mumkinligini inkor etmayapti.

Qayd etilishicha, Meta 4-dekabrdan boshlab o‘smirlarning Instagram, Facebook va Threads’dagi akkauntlarini o‘chirishni boshladi.

16 yoshdan kichik bo‘lgan ko‘plab foydalanuvchilar yangi qoidalar amal qilmaydigan Yope, Lemon8 va RedNote kabi boshqa platformalarga o‘tishni rejalashtirmoqda.

Iyul oyida YouTube videoxostingi Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash ro‘yxatiga kiritilgandi.

Taqiq doirasida o‘smirlar YouTube’da videolarni ko‘rishni davom ettirishlari mumkin, biroq ularga platformada hisob ochish imkoniyati berilmaydi.

Bu esa kontent yuklash, fikr bildirish, boshqa foydalanuvchilarga obuna bo‘lish va munosabat bildirish kabi harakatlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi.


Avvalroq Yevroparlament 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklashga chaqirgani haqida xabar berilgandi.