Prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjat bilan, 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Jumladan, yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 1,3 baravarga qisqartiriladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushi 75%ga yetkaziladi.
2026-yilning 1-aprelidan ayrim to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Bunga quyidagilar kiradi:
- davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi uchun to‘lovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektromobillarni zaryadlash xizmatlari;
- qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
- ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
O‘tgan yilning aprel oyida e’lon qilingan prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qarori loyihasi bilan ulgurji savdoni to‘liq naqd pulsiz hisob-kitobga o‘tkazish taklif qilingandi.
Loyiha bilan 2024-yilning 1-mayidan uy-joy, ko‘chmas mulk va avtomobil savdosi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirilishi belgilanib, mazkur operatsiyalar doirasida komissiya to‘lovlari bekor qilinishi nazarda tutilgandi.
Joriy yilning iyun oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgani, u naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirishga qaratilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Markaziy bank milliy to‘lov svitchini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.
