Paxta yetishtirishda intensiv agrotexnologiyalar keng joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, hosildorlikni paxtachilikda 50 sentnerdan oshirish, g‘allachilikda 100 sentnerga yetkazish 2026-yil uchun asosiy maqsadli ko‘rsatkich etib belgilandi.
Shuningdek, ilm-fan yutuqlari va ustoz-shogird anʼanalariga asoslangan yangi tizimni joriy etish orqali paxtachilikda hosildorlik oshiriladi.
Kelgusi yil hosilidan boshlab tuproqning 1 bonitet baliga nisbatan normativ hosildorlikka (sentner/gektar) 0,7 koeffitsiyentni qo‘llagan holda paxta xomashyosini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Bunda imtiyozli kreditlarning 0,6 koeffitsiyentdan oshgan qismi uchun likvidli garov taʼminoti taqdim etiladi.
Paxta yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, plyonka va tomizg‘ichli shlanglarni xarid qilish xarajatlari imtiyozli kreditlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda imtiyozli kreditlar tijorat banklari orqali har yili yanvar — avgust oylarida ajratiladi.
Yil davomida imtiyozli kredit limitining 50% gacha qismidan foydalangan paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga belgilangan tartibda sotilgan paxta qiymatining 5%i miqdorida subsidiya ajratish tizimi joriy qilinadi.
Joriy yil Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Xovos va Sardoba tumanlaridagi 16 ming gektar cho‘l yerlar foydalanishga kiritilib, yarmiga yangi texnologiya asosida paxta ekilgani uchun gektaridan 60 sentnergacha hosil olindi.
Xitoylik investorlar $50 mlnga Boyovut, Guliston, Oqoltin, Xovos va Sirdaryo tumanidagi 30−40 yildan beri hech narsa ekilmagan yana 12 ming gektar tashlandiq yerni tomchilab sug‘orish orqali foydalanishga kiritishni boshladi. 2026-yil ularda paxta yetishtirilib, kamida 60 ming tonna hosil olinadi. Natijada shuncha gektar kam hosilli paxta va g‘alla dalasi qisqartirilib, o‘rnida ozuqa ekinlarini joylashtirishga ruxsat beriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda fermerlarga kredit stavkalari ularning reyting darajasi asosida pasaytirilishi aytilgandi.
