Raqobat qo‘mitasi yangi yil oldidan ayrim tadbirkorlar isteʼmolchilarni chalg‘ituvchi yolg‘on chegirmalar eʼlon qilayotganini maʼlum qildi.
Qo‘mita maʼlumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon kelgan 48 mingdan ortiq murojaatning katta qismi aynan noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan axborot berilishiga tegishli bo‘lgan.
Bugungi kunda bozorda “yangi yil chegirmasi”, “birini oling — ikkinchisi tekinga”, “50% chegirma”, “faqat bugun” kabi reklama bayonotlari faol tarqalayotgani, ammo ularning barchasi amalda tasdiqlanmagan hollari uchramoqda.
Hukumat tasdiqlagan Chakana savdo qoidalariga ko‘ra, sotuvchilar chegirma qo‘llashda tovarning oxirgi 30 kun ichidagi eng past narxini qayd etib, isteʼmolchiga taqdim etishi kerak.
Shuningdek, chegirmani aniq foiz yoki summa bilan ko‘rsatishi, chegirmagacha bo‘lgan asl narxni ochiqlashi, muddat va shartlarni oldindan ko‘rsatishi va chegirma qo‘llanadigan tovarlar soni cheklangan bo‘lsa, bu haqida alohida xabar berishi shart.
Agar chegirma ro‘yxatdan o‘tishni yoki shaxsiy maʼlumot taqdim etishni talab qilsa, sotuvchi maʼlumotlarni qayta ishlash qoidalariga qatʼiy rioya etishi lozim. Shuningdek, alkogol, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, BAAQ (biologik faol qo‘shimchalar) va energetik ichimliklar bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish taqiqlanadi.
Qo‘mita tadbirkorlardan qonunchilik talablariga qatʼiy amal qilishni so‘radi. Qoidabuzarlik aniqlansa, javobgarlik va moliyaviy jarimalar qo‘llanadi.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari” to‘g‘risidagi qonun ning 9-moddasiga ko‘ra, tadbirkorlar raqobat va isteʼmolchilar huquqlari bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilishi shart.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “chegirmali” tovarlarning firibgarlik bilan sotilishi haqida ogohlantirgandi.
