Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda hozirgi tez o‘zgaruvchan sharoitda bozorlardagi narx-navo barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

“To‘g‘ri, kuz-qish uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilyapmiz. Endi bu ishni yil davomida amalga oshirib, narxlar barqarorligini ta’minlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etiladi”, — dedi prezident.

Yaqinda ozuqabop, moyli ekin va kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar e’lon qilingan edi. Jumladan, kelgusi yilda fermerlarga 2025-yil olgan hosil qiymatining 50%i miqdorida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 12%li kredit ajratiladi.

Xorijiy valyutadagi kredit stavkasining 8% dan oshgan qismi qoplab beriladi. Kreditlarning 50% gacha qismiga kafillik taqdim etiladi. Har yili “in-vitro” laboratoriyalarda virusdan xoli 10 mlndan ortiq kartoshka mini-tuganaklari tayyorlanib, urug‘chilik xo‘jaliklariga bepul beriladi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda meva-sabzavotni ko‘paytirish uchun yaylov, qir va adirlardan samarali foydalanish juda muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun sanoatlashgan bog‘, tokzor tashkil qilish, sabzavot, ozuqa ekini yetishtirish uchun adir yerlar qiymatining 1%i miqdoridagi narx bilan auksionda sotiladi.

Auksion g‘oliblari yerni boshqa odamga qayta ijaraga berishi mumkin bo‘ladi va ijara huquqi bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu imkoniyatlar hisobiga ishbilarmon fermerlarimiz kelgusi yil 100 ming gektar adir yerlarni foydalanishga kiritishiga ishonch bildirildi.

Avvalroq fermerlarga paxta yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangandi.