Google aqlli ko‘zoynaklarning ikki xil turini e’lon qildi. Ulardan biri faqat ovozli yordamchi bilan, ikkinchisi esa displeylar bilan jihozlangan. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Kompaniya o‘zining birinchi “aqlli” ko‘zoynaklarini Gemini ovozli yordamchisi bilan 2026-yilda chiqarishni rejalashtirmoqda.
Google prototiplarni Samsung Electronics, Warby Parker va Gentle Monster bilan birgalikda ishlab chiqmoqda.
Ularda ovoz kuchaytirgichlar, mikrofonlar va kameralar mavjud, ammo displeylar yo‘q. Gemini maslahat berish, narsalarni, belgilarni, rasmlarni tanib olish, real vaqt rejimida tarjima qilish va subtitrlar yaratish imkoniyatiga ega.
Qurilma asosiy ma’lumotlarni qayta ishlaydigan smartfonga ulanadi, shu sababli u oddiy ko‘zoynak kabi yengil, deb xabar bermoqda Bloomberg.
Ularda fotosuratga olish funksiyasi saqlanib qoladi, natijani esa smartfon yoki “aqlli” soatda ko‘rish imkoniyati bo‘ladi.
Pixel Watch va Wear OS (ilgarigi Android Wear) tizimidagi boshqa har qanday soatni qo‘llab-quvvatlash va’da qilinmoqda.
Ikkinchi versiya — ichki displeyli Project Aura ko‘zoynaklari. Ularni yaratishda Xreal kompaniyasi yordam bermoqda. Chiqish muddati haqida ma’lumot berilmagan.
Jurnalistlar uchun yopiq taqdimotda Google o‘ng linzasida bitta ekranli va har bir ko‘z uchun displeyli binokulyar prototiplarni namoyish etdi.
Ikkala variant ham Google Xaritalar, Google Meet va boshqa ilovalar uchun kengaytirilgan reallikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kompaniya qurilmalarning turli versiyalari aniq chiqish sanalari va narxlari to‘g‘risida ma’lumot bermadi.
Avvalroq Apple’ning aqlli ko‘zoynagi Mac va iPhone bilan turlicha ishlashi haqida xabar berilgandi.
Mac bilan ulanganida ko‘zoynaklarda to‘liq visionOS tizimi ishga tushadi, iPhone bilan ulanganida esa uning soddalashtirilgan versiyasi faollashadi.


