Saudiya Arabistoni muqaddas joylarda foto va videoga olishga taqiq joriy etmoqda, deya xabar berdi elhadat24 nashri.

Xabar qilinishicha, arab hukumati 2026-yilgi haj mavsumi davomida Masjid al-Haram va Masjid an-Nabaviy ichida suratga olishni taqiqlovchi yangi qaror qabul qilgan.

Ushbu chora-tadbirdan maqsad muqaddas joylarning muqaddasligini saqlash hamda ikki muqaddas masjid ziyoratchilarida hurmat va osoyishtalik muhitini yaratishdan iborat.

Xabarlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi 2026-yilgi haj mavsumida ziyoratchilarga fototasvirga olishni taqiqlagan. Ular ikki muqaddas masjid ichida har qanday usulda suratga olishdan tiyilishlari shart etib belgilangan.

“Ikki muqaddas masjid ichida har qanday turdagi suratga olishni taqiqlash bu joyning muqaddasligini saqlash va ziyoratchilarning his-tuyg‘ularini hurmat qilish uchun majburiy hisoblanadi,” deya ta’kidlangan vazirlik bayonotida.

Ushbu qaror ziyoratchilar uchun noqulaylik keltirib chiqarayotgan harakatlarni cheklash, xususan, muqaddas joylarda keng tarqalgan fotosuratga va videoga olish amaliyoti, shuningdek, bu bilan bog‘liq odamlarning to‘planishi va ibodat marosimlarining buzilishiga barham berish talablari kuchayib borayotgani munosabati bilan qabul qilindi.

Avvalroq Saudiya Arabistoni Haj vizasini berish shartlarini kuchaytirgani haqida xabar berilgandi.

Endilikda ziyoratchiga Nusuk platformasidan olingan sog‘lomlik to‘g‘risida tibbiy guvohnoma bo‘lgan taqdirda Haj vizasi beriladi.

Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi haj safari bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralarga har bir ziyoratchini sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va haj safariga borish layoqatiga mos kelmaydigan kasallik bor-yo‘qligini aniqlash majburiyatini yuklagan. Bu talab ziyoratchilar xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan.

Qayd etilishicha, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan va tegishli guvohnoma olmasdan haj vizasini rasmiylashtirish imkoni yo‘q.

Bayonotda, quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilar haj safariga yuborilmasligi ma’lum qilindi:

  • dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;
  • minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;
  • davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi o‘pkaning surunkali kasalliklari;
  • jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi jigar sirrozining og‘ir bosqichi;
  • og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;
  • qarilik demensiyasi kasalliklari;
  • homiladorlikning oxirgi uch oyi, shuningdek, yuqori xavfga ega bo‘lgan har qanday homiladorlik;
  • faol yuqumli kasalliklar (shu jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va hokazo);
  • kimyoterapiya yoki boshqa immunitetni susaytiruvchi muolajalardan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar.

Saudiya Haj va Umra vazirligi mazkur talablar buzilgan yoki yolg‘on ma’lumot berilgan taqdirda chora ko‘rilishini bildirgan.