Energetika vazirligi tarmoqlarda tarqalgan soat 17:00 dan 21:00 gacha O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasi o‘chishi haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Qayd etilishicha, bu kabi xabarlar mutlaqo noto‘g‘ri. Tarmoq egalari tomonidan odamlarni o‘ziga jalb qilish maqsadida yozilgani aytildi.

Vazirlik ayrim hududlarning elektr ta‘minotida qisqa muddatli uzilish kuzatilishi mumkinligi haqida rasmiy xabar berilishini eslatdi.

Ijtimoiy tarmoq egalaridan tasdiqlanmagan va noto‘g‘ri bo‘lgan ma‘lumotlarni tarqatmaslik so‘raldi.

“Bu bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik mavjud ekanligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.

Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi 10-dekabr kuni soat 05:53 da nosozlik yuzaga kelganini maʼlum qilgandi. Shu bois Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida elektr uzilgandi.

Soat 09:06 da Astronomicheskaya-2 kabel tarmog‘ida, 11:30 larda esa Astronomicheskaya-1, L-Bosmaxona va L-Karamurtskaya 35 kV kuchlanishli elektr uzatish kabel tarmog‘ida nosozlik bartaraf etilgani aytildi.


Avvalroq O‘zbekistonda energetika bo‘yicha $11 mlrdlik 42 ta yangi obyektlar ishga tushirilgandi.