Avvalroq prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2026-yil 1-yanvardan import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari 9 oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlar 3 oy) davomida sotilmay qolsa, nazoratga olinadi. Qiymati BHMning 500 baravaridan (206 mln so‘m) ortiq bo‘lgan bunday mahsulotlar qoldig‘i sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Ko‘chmas mulk obyektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi.

Qurilish va savdo sohalaridagi yuridik shaxslar tomonidan o‘zlarining ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning (elektron hisobvaraq-faktura, onlayn nazorat kassa texnikasi cheki, bojxona yuk deklaratsiyasi, notarius tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va boshqa hujjatlar) hisobi yuritiladi.

Mazkur turdagi operatsiyalar amalga oshirilgandan so‘ng 15 kun ichida shaxsiy kabinet orqali soliq organlari ma’lumotlar bazasida majburiy aks ettiriladi.

Avvalroq kelasi yil 1-iyuldan savdo va xizmat ko‘rsatishda yagona QR-kodli to‘lov majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.