Avvalroq prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, Markaziy bankka 2026-yilgacha barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR-kod joriy qilish topshirildi.

Soliq qo‘mitasi regulyator bilan birgalikda 1-yanvardan boshlab tadbirkorlarning banklarda generatsiya qilingan yagona QR-kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilishni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rishi kerak.

Bunda 2026-yil 1-iyuldan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yagona QR-kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi. Yagona QR-kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.

Joriy yilning aprel oyida Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarda universal to‘lov QR-kodini yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Hozirda savdo nuqtalarida tadbirkorlar tomonidan ko‘pincha QR-kodli bir nechta taxtachalar o‘rnatilgan bo‘ladi, bu esa xaridorlarga noqulayliklar tug‘diradi, dedi u.

Noyabr oyidagi prezident qarori bilan Markaziy bankka QR-kodlar orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona standartlarini joriy qilish topshirildi. Dekabr oyida pilot loyihasini banklar va to‘lov tashkilotlari bilan birga sinov tariqasida joriy etish belgilangan.

Kelasi yil boshigacha universal QR-kod bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi berildi. Fevral oyidan esa to‘lov xizmatlari bozorida QR-kod amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq Markaziy bank milliy to‘lov svitchini ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.