Avvalroq prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan tasdiqlangan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish chora-tadbirlariga muvofiq, notarif nazoratni va chegara bojxona postlarida importga rasmiylashtirishni soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha mas’ul idora va tashkilotlar 2026-yilning 1-martigacha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi kerak.
Yengil avtotransportlar importida yuridik shaxslar uchun belgilangan notarif choralarni soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Bu orqali jismoniy shaxslar nomiga olib kirish hajmini kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Bu bo‘yicha O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (O‘zstandart), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi kelasi yil 1-martgacha hukumat qarori loyihasini tayyorlaydi.
Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligiga dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish va yig‘im miqdorini kamaytirish topshirildi. Vazirlik bu bo‘yicha tegishli hujjatni 1-fevralgacha taqdim etadi.
1-aprelga qadar esa vazirlik Bojxona qo‘mitasi bilan tibbiy buyum va texnikalarning TIF TN kodlari va ro‘yxatlarini tasdiqlash hamda turi bo‘yicha mansubligini aniqlash tartibi va vakolatli organni belgilash bo‘yicha choralarini ishlab chiqadi.
Shuningdek, 1-fevralgacha dori vositasi sifatida (TIF TNning 3004 pozitsiyasi asosida) o‘tgan biologik faol moddalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va ruxsatnoma beruvchi organni belgilashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Hujjatda mobil qurilmaning IMEI kodlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha yangi choralar belgilangan. Fevralgacha Bojxona qo‘mitasi va UZIMEI markazi bilan yo‘nalishlar kesimida ma’lumot almashuvini ta’minlash bo‘yicha hukumat qarori ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, Bojxona qo‘mitasi bojxona organlari tomonidan bojxona auditi yakuni bo‘yicha ijobiy baholangan TIF ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, salbiy baholanganlarda nazoratni kuchaytirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi.
Avvalroq O‘zbekistondagi ekologik zonalarda o‘rta va zararli toifadagi avtomobillar harakati taqiqlanishi haqida xabar berilgandi. Ular bunday hududlarga 1,24 mln so‘mgacha to‘lov asosida kirishlari mumkin bo‘ladi. Buning uchun mazkur avtomobil egalariga bir yillik ruxsatnoma beriladi.
