Avvalroq prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan tasdiqlangan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish chora-tadbirlariga muvofiq, O‘zbekistonda uy-joy xaridida “keshbek” tartibini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Xususan, qurilish tashkilotidan yangi ko‘p qavatli uydagi turar va noturar joy uchun to‘lovni tijorat banklari orqali amalga oshirib, sotib olgan fuqarolarga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining bir qismi “keshbek” sifatida qaytariladigan mexanizm yaratiladi.
Bu bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga 2026-yilning 1-fevraliga qadar hukumatga taklif kiritish topshirildi.
Joriy yil boshida prezident mutasaddilarga qurilish sohasida yashirin iqtisodiyotni yanada qisqartirish uchun yangi uy-joy oladigan fuqarolarga o‘zi to‘lagan mablag‘ining bir qismini keshbek qilib qaytarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirgandi.
Avgust oyida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov uy-joy sotib olishda keshbek joriy etish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uy-joylarning atigi 10% ga yaqini qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan, qolgan 90%i esa soliqsiz sotib olinadi.
“Jismoniy shaxslar uchun 4−5% [soliq] keshbekini joriy etish haqida fikrlar bor, shunda ular quruvchiga murojaat qilib, 5−6% [oldi-sotdi bitimi summasidan] keshbek olish uchun hisobvaraq-fakturani talab qilishadi. Balki bu [qurilishda yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq] vaziyatni o‘zgartirishga yordam berar?”, — dedi u.
2026-yilning 1-aprelidan ayrim to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bular qatorida ko‘chmas mulk obyektlarini sotish va sotib olish ham bor.
Avvalroq keshbek pullarini daraxt ekishga ixtiyoriy yo‘naltirish mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi.
