ChatGPT endi suhbat oynasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri fotosuratlar va PDF-hujjatlarni tahrirlash uchun Adobe ilovalaridan foydalanishi mumkin. Bu haqda The Verge xabar bermoqda.
Adobe o‘zining uchta ilovasi — Photoshop, Acrobat va Adobe Express dasturlarini bevosita ChatGPT tizimiga integratsiya qildi. Foydalanuvchilar endi shunchaki o‘zlari xohlagan natijani tasvirlab, dizaynlar yaratishlari yoki rasmlar va hujjatlarni o‘zgartirishlari mumkin.
Ilovalar bepul taqdim etilgan bo‘lib, yuklangan fayl yonida dastur nomini ko‘rsatish orqali faollashtiriladi. Misol uchun, Adobe Photoshop plaginidan foydalanib, “bu rasmdagi orqa fonni xiralashtiring” deb yozish mumkin.
Ularning funksionalligi dasturlarning to‘liq versiyalariga nisbatan cheklangan. ChatGPT’dagi Photoshop tasvirlarning alohida qismlarini tahrirlash, ijodiy effektlarni qo‘llash, yorqinlik, kontrast va ekspozitsiyani sozlash imkoniyatlariga ega.
Acrobat mavjud PDF fayllarni tahrirlash, hujjatlarni siqish va boshqa fayllarni PDF formatga o‘tkazish imkonini beradi. Matn yoki jadvallarni ajratib olish va bir nechta fayllarni birlashtirish imkoniyati ham mavjud.
Adobe Express bilan ijtimoiy tarmoqlar uchun posterlar, taklifnomalar va grafikalar dizaynlarini yaratish va tahrirlash mumkin.
ChatGPT’da matnni almashtirish va alohida elementlarni animatsiyalashtirishgacha bo‘lgan barcha narsalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zgartirish imkoniyati mavjud.
Integratsiya hozirda — desktop, veb-versiya va iOS’da mavjud. Adobe Express Android’da ham ishlaydi, Photoshop va Acrobat esa ushbu platforma uchun “yaqin vaqt ichida” qo‘llab-quvvatlanadi.
Avvalroq ChatGPT butun dunyo bo‘ylab guruh chatlarini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.
Guruh chatlari bir nechta odamning bitta dialogda model bilan muloqot qilishiga, umumiy xabarlar tarixini ko‘rishiga va fayllarni ulashishiga imkon beradi.
