Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan davrda davlat organlarida komplayens nazorati tuzilmalarining faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, ichki nazorat bo‘linmalarida 11 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazilgani, 793 mlrd so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishining oldi olingani maʼlum qilindi. Qariyb 2 trln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 478 mlrd so‘mlik zarar undirildi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining samaradorlik ko‘rsatkichlari tasdiqlangani, ular tomonidan 700 dan ortiq o‘rganish, monitoring va nazorat tadbirlari o‘tkazilgani natijasida 354 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 1397 ta manfaatlar to‘qnashuvi holati hamda qariyb 550 mlrd so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi. Mansabdor shaxslarga nisbatan 26 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 24 nafari maʼmuriy va 148 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.
Sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr va qurilish tizimlari hamda davlat xizmatchilari orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, kadrlarni ishga olishda shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish klasterini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu tizim Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, idoralarning ichki nazorat bo‘linmalari, taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida yaqin hamkorligini o‘rnatish va ularning saʼy-harakatlarini birlashtirishni nazarda tutadi.
Klaster doirasida axborot almashish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, monitoring va baholash orqali yaxlit ekotizim yaratiladi.



Taqdimotda sohani raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Turli idoralarning maʼlumot bazalarini integratsiya qilish asosida Xavf-tahlil markazini tashkil etib, korrupsion xavflarni hamda davlat xaridlarida affillanganlik holatlarini avtomatik aniqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, komplayens bo‘limlarning ishini to‘liq raqamlashtirish, korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni aniqlash tezkorligini oshirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.
Qarorlar qabul qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda E-qaror tizimida hujjatlarning ochiq eʼlon qilinishi ustidan nazoratni hamda budjet mablag‘laridan foydalanishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.
Preventiv choralarning ko‘lami va taʼsirchanligini oshirishga alohida eʼtibor berildi. Soha va tarmoqlarda korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish taklif qilindi.
Bunda korrupsiya jinoyatlari statistikasi va byurokratiya darajasi yuqori, faoliyati bo‘yicha fuqarolardan eng ko‘p murojaatlar kelib tushayotgan hamda raqamlashtirish darajasi past bo‘lgan sohalar bilan manzilli ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunday soha va tarmoqlarda loyiha ofislari tashkil etilib, faoliyat yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlanadi va jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga keng jamoatchilikni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi. Bu borada investitsiya loyihalarining ijrosini nazorat qiluvchi tashabbuskor guruhlarni ko‘paytirish, qurilish ishlarini nazorat qilishda mahalla faollarining ishtirokini taʼminlash taklif qilindi.
Korrupsiya haqida xabar berayotganlar sonini oshirish maqsadida ularga himoya orderi berishni yo‘lga qo‘yish, rag‘batlantirishning real mexanizmini joriy etish muhimligi taʼkidlandi. “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini taʼsis etish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, davlat rahbariga QQS maʼmurchiligidagi suiisteʼmolchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, turli sohalardagi iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida hisobot berildi.
Mutasaddilarga bu borada faqat jinoyatning oqibatlari bilan kurashish emas, balki unga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratish, faoliyatni raqamlashtirib, masofaviy nazorat mexanizmlari va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Profilaktika ishlarini kuchaytirish, moliyaviy va huquqiy savodxonlikni oshirish, qonunbuzarliklarga imkon beruvchi bo‘shliqlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qonunchilik hujjatlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligi taʼkidlandi.
Avvalroq xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikadan o‘tkazilishi belgilangandi.



