Avvalroq prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hisob palatasi, Soliq qo‘mitasi hamda Navoiy va Toshkent viloyatlari hokimliklarining jismoniy shaxslar daromadlarini deklaratsiyalashni joriy etish taklifi ma’qullandi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan boshlab soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar uchun jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyasini taqdim etish amaliyoti tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
Tajriba davomida fuqarolarning xarajatlari vazirlik va idoralardan olinadigan ma’lumotlar asosida shakllantiriladi. Shuningdek, soliq organlarining mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan xaridlar bo‘yicha fiskal cheklar va EHFlar ham hisobga olinadi.
Bundan tashqari, maxsus elektron platforma orqali deklaratsiyani soddalashtirilgan tartibda topshirish tartibi belgilanadi. Yillik daromad va xarajatlarning raqamli ma‘lumotlari asosida soliq bazasi aniqlashtiriladi.
Agar ma‘lumotlar yetarli bo‘lmasa, fuqarolar mobil ilova orqali qo‘shimcha ma‘lumot kiritishi mumkin bo‘ladi. Aniqlashtirilgan soliq bazasi bo‘yicha esa qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi va huquqiy choralar qo‘llanilmaydi.
Soliq qo‘mitasiga iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Hisob palatasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oyda tajriba tizimini joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini hukumatga kiritish topshirildi.
Joriy yilning aprelida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2027-yildan san‘atkorlardan daromad solig‘i majburiy tartibda undirilishini aytgandi. Uning qayd etishicha, xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha qaror loyihasi jismoniy va yuridik shaxslar olgan daromadlarini to‘liq deklaratsiya qilishni va ularning daromadini soliqqa tortishni belgilaydi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda amaldorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish va informatorlarni himoya qilish bo‘yicha qonun loyihalari ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.
“Missiya “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonunning tasdiqlanishi va korrupsiya faktlarini fosh qiluvchi axborot beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi hamda aktivlarni deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Parlamentga ko‘rib chiqish uchun topshirish bo‘yicha harakatlarni olqishlaydi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq 1-iyuldan savdo va xizmat ko‘rsatishda yagona QR-kodli to‘lov majburiy bo‘lishi belgilangandi.
