Instagram Reels’da tavsiyalar mavzusini tanlash imkoniyatini qo‘shdi.
U “Sizning algoritmingiz” (Your Algorithm) deb nomlanadi va sun’iy intellekt asosida ishlaydi, deb yozadi The Verge.
Undan foydalanish uchun Reels tasmasini ko‘rayotganda yuqori o‘ng burchakdagi belgini bosish kerak.
Funksiya foydalanuvchiga xizmat qaysi mavzularni uning uchun dolzarb deb hisoblaganini bilish, so‘ngra ro‘yxatdan keraksizlarini olib tashlash yoki yangilarini qo‘shish imkonini beradi. Qiziqishlar ro‘yxatini “hikoyalar"da ham ulashish mumkin.
Qayd etilishicha, funksiya yaqin kelajakda barcha foydalanuvchilar uchun “ingliz tilida” ishga tushiriladi.
Shuningdek, kompaniya “ilovaning boshqa bo‘limlarida” ham algoritmlarni sozlash imkoniyatini qo‘shishni rejalashtirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, hozircha bu funksiya AQSH foydalanuvchilari uchun mavjud.
Oktabr oyida Instagram Reelsga “ko‘rishlar tarixi” funksiyasini qo‘shgani haqida xabar berilgandi.
Buning uchun foydalanuvchi o‘z profiliga kirib, so‘ng sozlamalar bo‘limiga o‘tishi va undan keyin “Sizning harakatlaringiz” qismini tanlashi kerak.
Funksiya orqali foydalanuvchi hozirgacha tomosha qilgan barcha videolar mavjud bo‘ladi. Ularni muallifi yoki sanasi bo‘yicha saralash imkoniyati bor. Xohlasa, videolarni tarixdan o‘chirib tashlashi ham mumkin.
Avvalroq Spot Meta Facebook va Instagram’ning ruhiy salomatlikka salbiy ta’sirini yashirgani haqida yozgandi.
2020-yilda kompaniya tajriba orqali odamlar ijtimoiy tarmoqlarsiz o‘zini yaxshiroq his qilishini aniqlagan, biroq bu tadqiqot natijalarini oshkor qilmagan.
