Avvalroq Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov deputatlarning savollariga javob bergani haqida xabar berilgandi.
Majlisda deputat oktabr oyida AQSH maʼmuriyati Rossiyaning Lukoyl kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etganini aytib o‘tdi. U vazirdan ushbu sanksiyalar kompaniyaning O‘zbekistondagi loyihalariga qanchalik taʼsir qilishi bo‘yicha so‘radi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov vazirlik bu borada ish olib borayotganini aytdi. Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston xalqaro normalarga, sanksiya rejimlariga to‘liq rioya qilgan holda AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) bilan birga ishlamoqda.
“Energetika vazirligi nomiga ham alohida xat berdi, umumiy litsenziyani ham 2026-yil 17-yanvargacha ular bilan ishlarni davom ettirish bo‘yicha eʼlon qildi. Yaʼni faoliyati davom ettirilyapti, ishlanyapti. Albatta, qatʼiy rioya qilgan holda va konsultatsiyalar davom etyapti. Buning uchun xalqaro yuristlar jalb qilingan, birgalikda ishlayapmiz, Lukoyl kompaniyasi bilan”, — deydi vazir.
Mirzamahmudov xalqaro norma, xalqaro huquq talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston manfaatiga to‘g‘ri keladigan yechimni topish ustida ishlanayotganini qo‘shimcha qildi.
Oktabr oyida OFAC “Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqishi yo‘qligi” sababli qo‘shimcha sanksiyalar kiritgan edi.
Avvalroq Gunvor Lukoyl’ning xorijdagi aktivlarini sotib olishdan voz kechgandi.
