Shavkat Mirziyoyev va Paragvay prezidenti Santyago Penya rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur sammit ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berishi taʼkidlandi.
Muzokaralarda hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiyot, madaniy-gumanitar, taʼlim va boshqa sohalarda kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.


O‘zaro savdoni ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqotni yana-da rivojlantirish va o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqladi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Paragvay prezidentlari Qo‘shma bayonotni imzoladi.



Shuningdek, yetakchilar huzurida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasida bozorga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.
Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuv mexanizmini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi ham almashildi.
Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida qanday hujjatlarni imzolangani haqida xabar berilgandi.





