Xitoyning Xiaomi korporatsiyasi sun’iy intellekt (SI) ga asoslangan yangi Mi Chat yordamchisini ishlab chiqdi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.
Insayderlarning ta’kidlashicha, yangi neyrotarmoq kompaniyaning sun’iy intellekt sohasidagi o‘sib borayotgan imkoniyatlarini namoyish etadi.
U Xiaomi gadjetlari va xizmatlarida mavjud bo‘ladi. Assistent joriy yil boshida ishga tushirilgan MiMo-7B-RL katta til modeli (LLM) asosida ishlaydi.
Manbalar Mi Chat xizmatini “ChatGPT qotili” deb atashmoqda. Ularning tushuntirishicha, parametrlar soni nisbatan kam — 7 mlrd bo‘lishiga qaramay, ushbu model raqobatdosh modellardan ustun kelgan.
Xususan, MiMo-7B-RL asosiy sinovlarda OpenAI’ning o1-mini va Alibaba’ning Qwen QwQ-32B-Preview modellaridan samaraliroq ekanligi aniqlangan.
ITHome jurnalistlari Xiaomi prezidenti Lu Veybinning avvalroq o‘z kompaniyasi bir necha chorak mobaynida sun’iy intellektni rivojlantirishga sezilarli mablag‘ sarflayotganini ma’lum qilganini eslatishdi.
Shuningdek, u Xiaomi muhandislarining yaqin kelajakdagi asosiy maqsadi neyron tarmoqlarni jismoniy dunyo bilan chuqur uyg‘unlashtirish ekanligini ta’kidlagan.
Mualliflar Mi Chat dasturining Pekinda 17-dekabr kuni o‘tkaziladigan Xiaomi 2025 inson, avtomobil va uy ekotizimi hamkorlik anjumanida taqdim etilishini prognoz qilishdi.
Avvalroq ChatGPT’ga Adobe ilovalaridan bepul foydalanish imkoniyati qo‘shilgani haqida xabar berilgandi.
Adobe o‘zining uchta ilovasi — Photoshop, Acrobat va Adobe Express dasturlarini ChatGPT tizimiga integratsiya qildi.
