Aholi bank operatsiyalarining ijobiy saldosi ichki bozorda qo‘shimcha taklif uchun xizmat qilmoqda. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.
Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga $19,4 mlrd xorijiy valyuta sotilib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga ($14,6 mlrd) nisbatan 1,3 barobarga oshdi.
Shu bilan birga, bu davrda aholi $10,6 mlrd sotib olgan, natijada bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga ($8,5 mlrd) nisbatan 25% ga o‘sdi.
Jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta taklifi hajmi talab hajmidan $8,7 mlrdga ortiq bo‘ldi. Bu esa 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.
Mazkur davrda aholining banklarga valyuta sotuvining asosiy manbai xalqaro pul o‘tkazmalari ($17,3 mlrd) bo‘ldi. Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari 25% yoki $3,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi.
Noyabrda transfertlarning oylik miqdori keskin qisqardi — $1,48 mlrd. Pul o‘tkazmalari hajmi $1,97 mlrd bilan iyul oyida eng yuqori darajaga yetdi, keyingi oylarda pasayish kuzatilib, oktabrda ko‘rsatkich $1,86 mlrdni tashkil etdi.
Avvalroq dollar kursining so‘mga nisbatan kursi 50 so‘m 48 tiyinga oshib, 12 097,93 so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.

