Telegram jamoasi messenjerning yangi versiyasini taqdim etdi. Android uchun ilova 12.2.10 versiyasida, iOS uchun esa 12.2.4 versiyasida mavjud.

Ushbu yangilanishda SMS kodlarisiz hisobga tezkor va xavfsiz kirish uchun kirish kalitlari qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, firibgarlikdan himoyalangan sovg‘alarni xarid qilish takliflari hamda profildagi audio yozuvlarni hikoyaga qo‘shishning oson usuli joriy etildi.

Kirish kalitlari

Endi foydalanuvchi o‘z qurilmasida SMS-kod o‘rniga PIN-kod yoki Face ID va barmoq izlari kabi biometrik ma’lumotlar yordamida Telegramga darhol kirish imkonini beruvchi kirish kalitini (passkey) yaratishi mumkin.

Kirish kalitlari doimo va hamma joyda ishlaydi — SMS xizmati uzilganda ham, chet el safarlarida ham, hattoki avtoturargohlardagi liftlarda ham foydalanish mumkin.

Hisobga kirish uchun unikal kriptografik kalitlar qurilmada saqlanadi va iCloud, Google va boshqa xizmatlarning parollarni boshqarish ilovalari bilan sinxronlanishi mumkin. Bu kalitlarni nafaqat eng tezkor, balki eng xavfsiz kirish usuliga aylantiradi.

Kirish kalitini istalgan qurilmada Sozlamalar > Maxfiylik > Kirish kalitlari ruknida yaratish mumkin.

Foydalanuvchilardan sim-kartani tashlab yuborishga shoshilmaslik, hatto kirish kalitlaridan foydalanilganida ham, hisobni o‘z nazorati ostidagi amaldagi telefon raqamiga bog‘langanligiga e’tibor qaratish so‘ralmoqda.


Sovg‘a sotib olish takliflari

Foydalanuvchi profilida sovg‘alarni ko‘zdan kechirayotganida, endi yoqqan sovg‘ani yulduzlar yoki TON evaziga sotishni taklif qilish mumkin.

Sovg‘a sotib olish takliflari — bu Telegramda kolleksiya buyumlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishning qulay va xavfsiz rasmiy usulidir. U ham xaridorlarni, ham sovg‘a egalarini firibgarlikdan himoya qiladi.

Taklifni yuborishda narx va amal qilish muddatini foydalanuvchini o‘zi belgilaydi. Tanlangan summa taklif amal qilish muddati davomida zahiralab qo‘yiladi. Agar taklif rad etilsa yoki muddati tugasa, zahiralangan mablag‘lar darhol hisobga qaytariladi.

Taklif berish uchun sovg‘ani ko‘rayotganda ⋯ yoki ⋮ tugmasini bosish va “Bitim taklif qilish” bandini tanlash kerak.

Kimdir sovg‘ani sotib olmoqchi bo‘lsa, interfeys taklif qilingan narxning baholangan qiymatga qanchalik yaqinligini ko‘rsatadi. Sotuvni tasdiqlashi bilan sovg‘a avtomatik tarzda xaridorga o‘tkaziladi.


Hikoyalardagi audio yozuvlar

Endi foydalanuchi hikoya yaratayotganida, profilidagi pleylistdan audio yozuvni tezda qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bu funksiyadan foydalanish uchun hikoyalar muharririda stikerlar panelini ochish, Tovush belgisini bosish va Saqlangan musiqa bo‘limidan faylni qo‘shish kerak.

passkey, telegram, yangilanish