Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda Ajr Qora-Sedana biologik faol qo‘shimchasi (BFQ) reklama qilingan videolar va postlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruv davomida mahsulot turli kasalliklarni davolashi yoki ularning oldini olishi haqida asoslanmagan daʼvolar tarqatilgani aniqlandi.
Xususan, reklama materiallarida ushbu BFQ oshqozon kasalliklari, qandli diabet, insult va infarkt xavfini kamaytirishi, nafas yo‘llari kasalliklari, yo‘tal va shamollashga qarshi samarali ekani targ‘ib qilingan.
Shuningdek, bir qator mashhur shaxslar ishtirokidagi reklamalar orqali mahsulotning davolash xususiyatiga ega ekani haqida tasavvur uyg‘otishga urinishlar kuzatilgan.
Qo‘mita so‘roviga asosan, SES tomonidan berilgan xulosada mahsulot qo‘llash yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan maʼlumotlar reklamada keltirilgan xususiyatlarga mos kelmasligi qayd etildi. BFQ inson organizmini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular davolash xususiyatiga ega emas.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, BFQ reklamalarida ularni dori vositasi sifatida talqin qilish, foydalanuvchilarning “davolangani” haqida misollar keltirish, minnatdorlik bildiruvlari yoki bolalar tasviridan foydalanish taqiqlanadi. Shuningdek, reklama materiallarida “mahsulot dori vositasi emas” degan ogohlantiruvchi yozuv bo‘lishi shart.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qo‘mita maxsus komissiyasi Sanno Tm Ocean korxonasiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Kompaniyaga belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanilib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni BFQ isteʼmol qilishda ogohlikka chaqirgandi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi yangi yil oldidan yolg‘on chegirmalar ko‘paygani haqida ogohlantirgandi.
