Toshkent shahridagi qurilish obyektlarining ekologiyaga ta’siri kam. Bu haqda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi.

Majlisda deputat Gulchehra Tojiboyeva qurilish sohasi Toshkent shahrida atmosfera havosining buzilishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillardan biri ekanini qayd etib, ekologiyani yaxshilash bo‘yicha vazirlik qanday ishlarni amalga oshirayotganini so‘radi.

Vazir poytaxtda qurilish obyektlarining atrof-muhitga ta’siri o‘rganilganini, loyihalar belgilangan me’yorlarga mos kelmasa, ularning amalga oshirilishiga ruxsat berilmasligini ta’kidladi.

“Jahon banki mutaxassislari O‘zbekistonga kelib, qurilish sohasida havoga ko‘tarilayotgang chang zarrachalarini o‘rgandi. Natijada, qurilish obyektlari, sohadagi barcha jarayonlarning ekologiyaga ta’siri 6% ni tashkil etishi aniqlandi. Lekin, biz bu ko‘rsatkichni „nol“ darajasiga tushirish uchun amalga oshiradigan ishlarimizni belgilab oldik va bu bo‘yicha hujjat imzolandi, jarayon allaqachon boshlangan”, — dedi Sherzod Hidoyatov.

qurilish, qurilish vazirligi, ekologiya, atrof-muhit, sherzod hidoyatov

Shu bilan birga, qurilish vaziri loyihalarni ishlab chiqishda qurilish hududida yashaydigan aholi uchun sharoitlar, ob-havo, jumladan, shamol yo‘nalishlari normativ talablarga muvofiq hisobga olinishini qayd etdi. Bu talablarning bajarilishi davlat ekspertizasi jarayonida alohida nazorat qilinadi, unga javob bermaydigan loyihalarga esa ruxsat berilmaydi.

Bundan tashqari, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Abulqosim Abduxoliqov qurilish sohasi ekologiyaga ta’sir qiluvchi yo‘nalishlardan biri ekani, shahardagi changning umumiy hajmining 6% ini unga to‘g‘ri kelishini sezilarli ko‘rsatkich sifatida ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrida mavjud 2400 ta qurilish obyekti qat’i nazoratga olingan hamda ularda qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda havoga chang ko‘tarilishining oldini olish yuzasidan reydlar tashkil etilmoqda.

Nazorat tadbirlarida qurilish maydonining transport vositalari harakatlanadigan asosiy yo‘llarini betonlash yoki qattiq qoplamalar bilan qoplash, shuningdek, qurilish chiqindilarini olib chiqishdagi me’yoriy talablarning bajarilishi o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, hududdan chiqib ketayotgan transportlarning g‘ildiraklarini yuvib chiqish talabi ham kuchaytirildi.

Noyabr oyi oxirida prezident Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

Poytaxtda havoni ifloslantirayotgan 15 ta qurilish obyektida ishlar to‘xtatildi. O‘tkazilgan tadbirlarda 96 ta obyekt o‘rganilib, ularning 60 tasida chang va qum orqali havo ifloslanishi, 47 tasida esa ko‘kalamzorlashtirish talablari buzilgani aniqlangan edi. Undan keyin yana 4 ta qurilish to‘xtatilib, 41 kishi javobgarlikka tortildi.

Avvalroq Spot 2026-yildan ko‘chmas mulk va qurilish materiallari uchun soliqlar bozor narxida belgilanishi haqida yozgandi. Qurilish va savdo korxonalari ustav kapitali bo‘yicha ma’lumotlarni 15 kun ichida soliq bazasida aks ettirishi majburiy bo‘ladi.