O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegaradagi G‘ishtko‘prik (Chernyayevka) chegara-bojxona posti 2026-yilning yozida ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Kuni kecha ikkita yangilangan avtomobil o‘tkazish punkti — O‘zbekiston bilan chegaradagi Qozig‘urt va Turkmaniston bilan chegaradagi Temir-bobo o‘tkazish punktlari foydalanishga topshirildi.

Modernizatsiya dasturi Xitoy, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaralarda joylashgan jami 9 ta nazorat-o‘tkazish punktini qamrab oladi. Qaplanbek, Atameken, Qoljat, Alako‘l kabi bir qator obyektlarda ishlar allaqachon yakunlangan va yil oxirigacha Tajen, Maykapchag‘ay, Baxti punktlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Yangilangan Kazigurt (O‘zbekiston tomonidan S.Najimov posti — Spot izohi)nazorat-o‘tkazish punktida transportni avtomatik ro‘yxatga olish tizimi, zamonaviy skanerlash uskunalari, vazn-o‘lchov tizimlari hamda rentgen-televizion qurilmalar, teplovizorlar va radiatsiya nazorati vositalari joriy etildi.

Harakat oqimlari piyodalar, yengil va yuk transporti uchun ajratilgan. Yuk mashinalari uchun oraliq avtomatlashtirilgan yo‘laklar tashkil etilgan bo‘lib, ular texnik nazoratdan to‘xtamasdan o‘tish imkonini beradi.

“Aprel oyida O‘zbekiston bilan chegarada Jibek joli (G‘ishtko‘prik — Spot izohi) nazorat-o‘tkazish punktini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish boshlandi. Yangi majmua umumiy maydoni 10 ming kv.metr bo‘lgan ikkita zamonaviy yo‘lovchi terminali va avtotransport uchun yagona bostirmani o‘z ichiga oladi. Ishlar 2026-yil iyul oyida yakunlangandan so‘ng, punktning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 70 ming kishi va 2 ming yengil avtomobilgacha oshadi”, — deyiladi xabarda.

12-dekabr kuni Bojxona qo‘mitasi Toshkent viloyati boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ta’mirlash uchun 5-fevraldan yopilgan G‘ishtko‘prik chegara-bojxona posti qayta ochilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning Spot’ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston o‘z hududidagi nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilishni yakunlagan va Qozog‘iston tomonidan qurilish ishlari yakunlanishini kutmoqda.

Noyabr oyida Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov qurilish ishlari davom etayotgan G‘ishtko‘prik chegara-bojxona postida bo‘ldi. Bu yerda ilgari fuqarolar uchun amal qilgan avtomobillar uchun ikki yo‘lakli — “yashil” va “qizil” yo‘laklar paydo bo‘ladi.

Postda navbatlarning oldini olish maqsadida 16 ta avtomobil yo‘lagi barpo etildi, avtobuslar ham alohida yo‘laklarda harakatlanadi. Natijada post orqali kuniga 1500 dan ortiq avtotransport va 50 mingdan ziyod yo‘lovchilar bemalol o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasi fuqarolar uchun qayta ochilgani haqida yozgandi.