Google Tarjimonga real vaqt rejimidagi tarjima funksiyasi qo‘shildi, deya xabar bermoqda hi-tech mail nashri.
Yangilanish bir vaqtning o‘zida uchta yo‘nalishni qamrab oladi: matn tarjimasi sifati, jonli ovozli rejim va ilova orqali til o‘rganuvchilar uchun vositalar.
“Google Tarjimon” murakkab iboralar, turg‘un so‘z birikmalari va so‘zlashuv tilidagi jargonlarni qayta ishlash uchun Gemini’ning ilg‘or imkoniyatlaridan foydalanishni boshladi.
Ilgari bunday tuzilmalar ko‘pincha so‘zma-so‘z tarjima qilinib, ma’nosi buzilardi. Endi model kontekstni tahlil qilib, jonli nutqqa yaqin bo‘lgan muqobilini tanlaydi.
Yangilangan tizim allaqachon AQSH va Hindistonda ingliz tilidan yigirmaga yaqin tilga tarjima qilish uchun mavjud.
Ro‘yxatda ispan, hind, xitoy, yapon, nemis va boshqa tillar bo‘lib, ular Android va iOS uchun mobil ilovalar hamda xizmatning veb-versiyasida ham qo‘llanilmoqda.
Kompaniya Gemini’ning yangi audio imkoniyatlaridan foydalangan holda jonli ovozli tarjimani sinovdan o‘tkazish rejimiga kiritdi. Foydalanuvchi istalgan quloqchinni ulab, ilovani ochadi va Live Translate rejimini tanlaydi.
Shunda u suhbatdoshi, ma’ruzachi yoki televideniyedagi kontentning nutqini o‘z tilida uzluksiz tarjima qilingan holda eshitadi. Tizim kimning gapirayotganini va bir fikr qayerda tugab, boshqasi qayerdan boshlanayotganini kuzatish oson bo‘lishi uchun nutqning ohangini, urg‘ularini va pauzalarini saqlashga harakat qiladi.
Hozirda ushbu rejim uchta mamlakatda: AQSH, Meksika va Hindistonda Android’da sinovdan o‘tkazilmoqda va allaqachon kompaniya “Google Tarjimon” ma’lumotnomasida keltirilgan ro‘yxatdagi 70 dan ortiq tillar bilan ishlaydi.
Garnitura turi bo‘yicha cheklovlar yo‘q: qurilma telefon bilan to‘g‘ri ishlashi kifoya. Kompaniya ilova ichida fikr-mulohazalarni to‘plamoqda va 2026-yilda funksiyani iOS va boshqa bozorlarga olib chiqishga va’da bermoqda.
Yangilanishning uchinchi qismi “Google Tarjimon” ichidagi tillarni o‘rganish imkoniyatlariga taalluqli. Ilovada og‘zaki nutqni mashq qilish rejimi takomillashtirildi: endi xizmat talaffuz va iboralar haqida aniqroq izohlar beradi, foydalanuvchi aynan qayerda xato qilayotganini ko‘rsatib turadi.
Avvalroq Spot Google aqlli ko‘zoynaklarning ikki xil versiyasini e’lon qilgandi. Ulardan biri faqat ovozli yordamchi bilan, ikkinchisi esa displeylar bilan jihozlangan.
