Qozog‘iston O‘zbekistonga neft tranzitini qayta tikladi. Bu haqda mamlakatning magistral neft quvuri bo‘yicha milliy operatori Kaztransoyl matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq KazTransOil kompaniyasi Qirg‘izistonga neft tashish hajmi oshgani, shuningdek joriy yil dekabr oyida O‘zbekiston yo‘nalishida tranzit qayta tiklangani haqida ma’lum qilgan edi.

Qirg‘izistonga neft yetkazib berish joriy yil noyabr oyida qayta tiklandi, bundan avval tashish ishlari 2017-yilda amalga oshirilgan edi. Yil oxirigacha Qirg‘izistonga 30 ming tonnagacha neft yetkazib beriladi.

Joriy yilning dekabr oyida O‘zbekistonga 35 ming tonnagacha neft tranziti rejalashtirilgan.

Neft yetkazib berishning har ikki yo‘nalish bo‘yicha umumiy hajmi 65 ming tonnagacha bo‘ladi, shundan 55 ming tonnagachasi joriy oyga to‘g‘ri keladi.

Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha neftni tashish magistral neft quvurlari tizimi bo‘yicha “Shag‘ir” neft quyish punktigacha amalga oshiriladi, u yerda neft temir yo‘l sisternalariga quyiladi.

Qozog‘iston hududi orqali an’anaviy tarzda Rossiya nefti O‘zbekistonga yetkazib beriladi. 2024-yilda tranzit hajmi rejalashtirilgan 500 ming tonnadan 550 ming tonnagacha ko‘paydi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyi davomida neft va neft mahsulotlari importi 1,7% ga — $1,63 mlrdgacha kamaygan. Shu bilan birga, neft va neft mahsulotlari eksporti $541,3 mlnni (o‘sish 7,7%) tashkil etdi.


Avvalroq Qozog‘iston O‘ztransgazdan gaz tranziti uchun $2 mln talab qilayotgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, da’vo O‘zbekiston gazini Qozog‘iston hududi bo‘ylab tashish xizmatlari uchun to‘lanmagan summaga oid hisoblanadi.