AQSHning 20 ta shtati prokurorlari Tramp ma’muriyatiga qarshi da’vo arizasi topshirdi.

Bunga yuqori malakali chet ellik mutaxassislar uchun ish vizasi olishda $100 minglik yig‘im joriy etilgani sabab bo‘ldi.

Asosiy da’vogarlar Massachusets va Kaliforniya shtatlari prokurorlari bo‘lib, da’voga jami 20 ta shtat qo‘shilgan, deb yozadi The New York Times.

Prokurorlarning fikricha, joriy etilgan yig‘im ish beruvchilar uchun qimmatli va noqonuniy to‘siq yaratmoqda. Bundan tashqari, u halokatli bo‘lib, ta’lim sifatini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Ular, shuningdek, $100 ming miqdorini “ixtiyoriy ravishda” belgilanganini va ma’muriyat yig‘imni joriy etishda qonunchilik me’yorlariga rioya qilmaganini ham ta’kidlashmoqda.

Bu da’vo AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga yuborilgan kamida uchinchi, ammo mamlakat shtatlari tomonidan yuborilgan birinchi da’vodir.

2025-yil 20-sentabrda Tramp H-1B viza dasturini isloh qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mazkur farmon viza orqali AQSHga kirish uchun $100 ming miqdorida yig‘im to‘lashni nazarda tutadi.

H-1B — bu AQShning noimmigratsion vizasi bo‘lib, u amerikalik ish beruvchilarga odatda texnik bilimlar talab qilinadigan sohalarda — axborot texnologiyalari, matematika, muhandislik, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda chet ellik mutaxassislarni ishga olish imkoniyatini beradi.

Iyul oyida Donald Tramp AQSHda noimmigratsion viza beriladigan barcha uchun yangi majburiy to‘lov joriy etiladigan qonunni imzoladi.

Tramp ma’muriyati AQShga kirish uchun noimmigrant vizaga muhtoj bo‘lgan barcha chet elliklar uchun yangi “viza yaxlitligi to‘lovi” joriy etmoqda. Bu to‘lov kamida $250ni tashkil etadi.

To‘lov bir moliyaviy yil davomida — 2024-yil 1-oktabrdan 2025-yil 30-sentabrgacha kamida $250ni tashkil etadi.

2026-yildan boshlab esa barcha noimmigratsion vizalar (B-1/B-2, F/M, H-1B, J va boshqalar) uchun qo‘shimcha yig‘im joriy etiladi.

Mamlakatga kiruvchilar bo‘lish qoidalariga rioya qilishlari va o‘z vaqtida chiqib ketishlari sharti bilan yig‘im ham qaytarilishi kutilmoqda.

Viza berishda yig‘imni to‘lash kerak. Viza berish rad etilgan taqdirda, qo‘shimcha yig‘imlar undirilmaydi. Ushbu yig‘im barcha noimmigratsion viza talabgorlaridan, shu jumladan B-1/B-2 vizasi bo‘yicha sayyohlar, biznes sayohatchilar, chet ellik talabalar, almashinuv talabalari va vaqtinchalik malakali ishchilardan undiriladi.

Qayd etilishicha, bu yig‘im 2025-yil 4-iyulda qabul qilingan “One Big Beautiful Bill Act” qonuni asosida kiritiladi. U inflyatsiyaga qarab yil sayin qayta ko‘rib chiqiladi.